Fuqarolarning ulushli qurilishga kiritgan mablag‘larini kafolatli himoya qilinishi mexanizmlari belgilanmoqda. Jumladan, fuqarolarning pul mablag‘lari to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchi ixtiyorida emas, balki banklarda ochiladigan eskrou hisobvarag‘i orqali saqlanadi. Qurilish belgilangan talablar asosida amalga oshirilib, ob’yekt foydalanishga topshirilganidan keyin mablag‘lar quruvchiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, quruvchi (developer) faqat qonunda belgilangan talablarga javob bergan, Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, vakolatli bank bilan bosh bitim tuzgan va loyiha deklaratsiyasini e’lon qilgan taqdirdagina aholi mablag‘larini jalb qilish huquqiga ega bo‘lishi taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, ulushli ishtirok etish shartnomasi notarial tasdiqlanadi hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bu bir ob’yektning takroran sotilishi, noqonuniy shartnomalar tuzilishi kabi holatlarning oldini oladi.

Quruvchi qonun talablariga zid ravishda fuqarolar mablag‘larini jalb qilgan taqdirda, ulushdor ushbu mablag‘larni qaytarishni va ulardan foydalanilganlik uchun foiz to‘lanishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Agar talab belgilangan muddatda bajarilmasa, fuqaro sudga murojaat qilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida qurilish loyihalarini o‘z vaqtida yakuniga yetkazishga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlar nazarda tutilmoqda. Jumladan, zarur hollarda vakolatli bankni yoki quruvchini almashtirish, qurilishning uzluksiz moliyalashtirilishini ta’minlashga qaratilgan moliyaviy mexanizmlar yaratilmoqda.