Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik bo‘yicha jinoyat sodir etganligi uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi tomonidan qidiruvga berilgan shaxs ushlandi.
Asli Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan R.Q. tergov organlaridan yashiringanligi sababli unga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida u Toshkent shahrining Uchtepa tumani hududida yashirinib yurgan vaqtida Buxoro viloyati IIB KQKB mas’ul xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Jarayon davomida unga tegishli mobil telefon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida uning ichida "Apple Nasiya" va "Halol Nasiya Savdo" nomli profillar mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxs ijtimoiy tarmoqlardagi ushbu profillar orqali 50 ga yaqin fuqaroni chuv tushirgan bo‘lishi mumkin.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari va qonuniy choralar ko‘rilmoqda.











