Rossiyadagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti operatorlik fakultetiga hujjat topshirayotgan abituriyentlarga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik shartnoma tuzib, uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) qo‘shinlarida xizmat qilish evaziga 2027 o‘quv yilidan boshlab bepul ta’lim olish imkoniyati taklif qilinmoqda. Bu haqda «Exo» nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, mazkur taklif operator Mixail Agranovich ustaxonasi huzurida tashkil etilayotgan «maxsus guruh»ga qabul haqidagi e’londa e’lon qilingan. E’lon operatorlik fakultetining «VKontakte» sahifasida joylashtirilgan.

Shartnoma tuzgan abituriyentlarga bepul talabalar turar joyi, jangovar harakatlar qatnashchisi maqomi va unga tegishli ijtimoiy imtiyozlar, shuningdek, talabalik davridagi ijodiy suratga olish ishlarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha texnik hamda moliyaviy imkoniyatlar va’da qilingan.

E’londa ta’kidlanishicha, mazkur xizmat muddati majburiy harbiy xizmatga tenglashtiriladi. Biroq nashr eslatishicha, amalda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan tuzilgan har qanday shartnoma 2022 yil sentyabrida Vladimir Putin e’lon qilgan «qisman safarbarlik» bekor qilinmaguncha avtomatik ravishda uzaytiriladi.

Nashrning qayd etishicha, Rossiya oliygohlarida talabalar va abituriyentlarni shartnoma asosida harbiy xizmatga jalb qilish amaliyoti so‘nggi yillarda kuchaygan. Ularga turli imtiyozlar, pul mukofotlari va bepul ta’lim taklif etib kelinmoqda.

2026 yilda esa Rossiya fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkov mamlakatdagi universitet va kollejlar rahbarlaridan talabalarning kamida 2 foizini Ukrainadagi urushga yuborish vazifasini qo‘ygani haqida xabarlar tarqalgan.

Xususan, Rossiyaning Oliy iqtisodiyot maktabi ham 2026 yil yozida BARS (jangovar armiya zaxirasi) bo‘linmalari va dron qo‘shinlarida maxsus shartnoma asosida bir yil xizmat qilgan talabalarga bepul ta’lim berishni va’da qilgan.