Telegram asoschisi Pavel Durov o‘zining Rossiya moliyaviy monitoring xizmati (Rosfinmonitoring) tomonidan terrorchi va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritilgani bo‘yicha izoh berdi.

«Rossiya Telegram’da ommaviy kuzatuv va tsenzura haqidagi talablarini bajarishdan bosh tortganim uchun meni “terrorchi” deb topibdi. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, menga “internetda axborot tarqatish taqiqlanibdi”. Rossiyalik amaldorlar kim kimga internetdan foydalanishni taqiqlashi mumkinligi borasida aniq adashishibdi», - deb yozdi Durov telegram-kanalida.

30 iyul kuni Rosfinmonitoring Durovni ekstremistik faoliyat yoki terrorizmga aloqadorligi to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritdi. Federal xavfsizlik xizmati (FSB) Durovga terrorizmga ko‘maklashish ayblovi qo‘yilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, Telegram ma’muriyati ukrain maxsus xizmatlari tomonidan foydalaniladigan kanallar va botlarni o‘chirib tashlamayapti.