Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ko‘rsatkichlari va eksport salohiyati bilan respublikada birinchilardan bo‘lib kelgan “Samo” brendi egasi hisoblangan “Nil granit” MChJ o‘ziga tayyor ip-kalava yetkazib beruvchi hamkori bo‘lgan “Chiroqchi klaster” MChJning bank oldidagi 75,8 mlrd so‘mlik qarzdorligi bo‘yicha kafil bo‘lgan, bu haqida kafillik shartnomasi tuzilgan.

Ammo oradan vaqt o‘tib, klasterning ishlari orqaga keta boshlaydi va kredit majburiyatlarini bajarolmay qoladi. Keyinchalik bank va klaster o‘rtasidagi kredit shartnomasi kafil (“Nil-granit”)ning roziligisiz o‘zgartirilib, foydalanish muddati uzaytiriladi va foiz stavkalari oshiriladi.

Kafilning roziligi olinmagani yetmaganday, kafillik shartnomasiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qo‘shimcha kelishuv kafil - “Nil Granit” MChJ ijrochi direktori va bosh hisobchi tomonidan imzolanmagan, balki ularning imzosi va jamiyat muhri qalbakilashtirilgan. Bu Qashqadaryo viloyat IIB ekspert kriminalistika markazi xuloasasi bilan tasdiqlangan.

Shundan keyin holat yuzasidan Qarshi shahar IIBda 2025 yil 5 may kuni jinoyat kodeksining 228-moddasi, ikkinchi qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi shu yili 5 avgustda “shaxsni javobgarlikka tortish muddati o‘tgan” degan asos (JPKning 84-moddasi birinchi qismi 1-bandi) bilan harakatdan tugatilgan.

Qarshi shahar prokurori ishni nazorat tartibida o‘rganib, 2026 yil 21 aprelda jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilgan va ishni qo‘shimcha tergov olib borish uchun tergovga qaytargan.

“Shundan buyon jinoyat ishi bir yechimini topgani yo‘q, tergov sust ketmoqda, prokuratura yetarli nazorat qilmayapti, aybdorlar jazosiz qolmoqda, bu esa bizning muammolarimizni yanada og‘irlashtirmoqda” deydi “Samo” vakili.

Kompaniya ushbu holatda Fuqarolik kodeksining 298-moddasi talabi qo‘llanilishi kerak deb hisoblamoqda. Unga ko‘ra kafillik bilan ta’minlangan majburiyat kafilning roziligisiz javobgarlikning oshishiga yoki uning uchun noqulay oqibatlarga olib keladigan tarzda o‘zgartirilgan taqdirda kafillik bekor bo‘lishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2006 yil 22 dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli Qo‘shma Qarorining 34-bandida, kafil uchun javobgarlikning oshishiga yoki boshqa noqulay oqibatlarga olib keladigan tarzda asosiy majburiyat kafilning roziligisiz o‘zgartirilgan bo‘lsa, asosiy majburiyatga o‘zgartirish kiritilgan paytdan boshlab kafillik bekor bo‘lishi haqida tushuntirish berilgan.

Kafillik shartnomasiga qalbaki hujjat asosida o‘zgartirish kiritilganligi (jinoyat sodir etilganligi) va kredit shartnomasiga kafilning roziligisiz o‘zgartirish kiritilib, yuqori foiz stavkasi oshirilganligini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 298-moddasini qonuniy asos sifatida ko‘rsatib, kafil - “Nil Granit” MChJning kafillik shartnomasini bekor qilish haqidagi da’vosi iqtisodiy sudning barcha instansiyalarida ko‘rib chiqilib, rad etiladi.

Oqibati nimalarga olib kelmoqda?

“Shu kunga qadar, “Samo” nomi ostidagi korxonalar 500 mln AQSh dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilgan. Eksport geografiyasini Yevropa (Turkiya, Italiya, Portugaliya, Angliya) hamda MDH davlatlari tashkil etadi.

Xorijiy mamlakatlar bozorida, ayniqsa Xitoy va Turkiyaning yengilsanoat sohasidagi ustivor mavqeini e’tiborga oladigan bo‘lsak, jahon bozorida raqobatlashish va bozordan munosib o‘rin egallash oddiy vazifa emas.

“Samo” jami uch ing nafar fuqarolarni doimiy ish va muntazam daromad bilan ta’minlab kelmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlari doirasida brend nomi ostida yana o‘nga yaqin yirik loyihalar ishga tushirilish arafasida.

Ammo, Chiroqchidagi “yeyilmagan somsa” uchun korxona bo‘yniga ilingan yuk butun tarmoqning ishini orqaga tortmoqda. Qariyb 30 mlrd so‘mlik “osmondan tushgan” majburiyat kelgusida kompaniyaning ko‘plab loyihalari barbod bo‘lishiga olib kelishi mumkin, deydi “Samo” vakili.