Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “Oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun o‘quv jarayonini dual ta’lim shaklida tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi loyihani muhokamaga qo‘ydi.
Loyihaga ko‘ra, dual ta’lim shaklida o‘qitish 2026-2027-o‘quv yilidan boshlab Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 24 iyundagi 321-son qarori bilan tasdiqlangan dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladigan pedagogika oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida tashkil etiladi.
O‘quv jarayoni oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari va maktabgacha ta’lim yo‘nalishining malaka talablari asosida bir kun pedagogika oliy ta’lim tashkilotida, besh kun maktabgacha ta’lim tashkilotida tashkil etiladi.
Dual ta’limda o‘qish muddati 4 yil etib belgilanadi.
Dual ta’limda o‘quv jarayonini tashkil etish bo‘yicha oliy ta’lim tashkiloti, maktabgacha ta’lim tashkiloti va talaba o‘rtasida uch tomonlama shartnoma imzolanadi.
Talabalarning malakaviy amaliyotlari talaba faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkaziladi.
Boshqa ta’lim shakllari va ta’lim yo‘nalishlaridan dual ta’limga o‘qishni ko‘chirish, ko‘chirib tiklash va qayta tiklashda oliy ta’lim tashkiloti talabaning davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagog sifatida uch yil davomida faoliyat yuritayotganligini hamda o‘rta maxsus ma’lumotga egaligini inobatga oladi.
Dual ta’lim jarayonida talaba haftaning dushanba-juma kunlari maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi faoliyati bilan integratsiyalashgan amaliy mashg‘ulotlarni bajaradi, LMS platformasi orqali mustaqil ta’lim materiallarini o‘zlashtiradi.
Haftaning shanba kuni o‘quv auditoriyasida professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda ishtirok etadi, LMS platforma orqali mustaqil o‘zlashtirilgan materiallarni o‘quv auditoriyasida seminar mashg‘ulotlarida muhokama qilish va amaliy vaziyatlar asosida tahlil qilish orqali bilimlarini mustahkamlaydi.











