Bunaqasi oldin kuzatilmagandi
Dunyoning ikki asosiy futbol tashkiloti o‘rtasidagi kurash misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. UYeFA va uning tarkibidagi 55 ta assotsiatsiya jahon chempionati va boshqa turnirlarning tijorat masalalari bilan shug‘ullanuvchi yangi kompaniya ulushini xususiy investorlarga sotish g‘oyasidan voz kechilmaguncha, FIFAning har qanday turnirlarini boykot qilishini e’lon qildi. Bunday yakdillik anchadan beri bo‘lmagan edi. Ilgari faqat tahdid qilinardi, endi esa boykot rasman kuchga kirdi.
Bu faqat to‘rt yildan keyin o‘tadigan JCh-2030 turniriga taalluqli emas. FIFAning eng yaqin turniri – 20 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkazilishi ham so‘roq ostida qoldi: bu turnir 5-27 sentyabr kunlari Polshada o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan, unda Yevropaning oltita jamoasi ishtirok etishi kerak.
Shu bilan birga, FIFA milliy assotsiatsiyalarga yangi loyiha bo‘yicha qaror qabul qilish uchun 19 sentyabrgacha muddat bergan. Turnir muddat tugashidan ikki hafta oldin boshlanishi hisobga olinsa, absurd vaziyat yuzaga keladi. Agar FIFA 5 sentyabrgacha chekinmasa, Yevropa boykotiga chindan ham guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Jahon futbolidagi qo‘shhokimlik
FIFA va UYeFA o‘rtasida o‘n yillardan buyon o‘zaro qarama-qarshilik saqlanib qolmoqda. Qog‘ozda jahon futbolining konstruksiyasi oddiy piramidaga o‘xshaydi. FIFA global miqyosda o‘yin uchun mas’ul bo‘lib, umumiy qoidalarni belgilaydi. Undan quyida oltita konfederatsiya, jumladan, UYeFA, keyin esa milliy federatsiyalar joylashgan.
Lekin hech kimga sir emaski, jahon futboli markazi Yevropada. Deloitte hisobotiga ko‘ra, 2024/25 yillar mavsumida Yevropa futbol klublarining umumiy daromadi rekord darajadagi 40,2 milliard yevroga yetgan. Taqqoslash uchun – FIFAning oxirgi jahon chempionatidan olgan daromadi, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 15 milliard dollardan oshdi, ammo bu turnir har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladi.
Ya’ni hech qanday piramida yo‘q – to‘g‘rirog‘i, futbolda qo‘shhokimiyat mavjud. FIFA jahon chempionati, global maqom va ko‘pchilik ovozga ega. UYeFA eng boy bozorni nazorat qiladi, sayyoraning eng kuchli klublari, deyarli barcha eng yaxshi milliy jamoalar va ko‘plab yulduzlar aynan ushbu tashkilotni ifoda etadi. Aynan shu omil bir necha o‘n yillardan buyon ikki tashkilotni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib kelmoqda.
FIFA kongressida har bir mamlakat bitta ovozga ega. Ya’ni Germaniyaning fikri Fijining fikri bilan teng. Tashkilot 211 ta milliy assotsiatsiyani o‘zida jamlagan, shundan faqat 55 tasi Yevropa assotsiatsiyalaridir. Shuning uchun jahon futbolida hokimiyatni qo‘lga kiritish uchun UYeFAga emas, balki Global Janubning ko‘plab kichik davlatlariga tayanish ancha foydaliroqdir.
Qarama-qarshilik tarixi

Foto: Global Look Press
Bu tizim birinchi marta 1974 yilda FIFA prezidenti saylovida braziliyalik Joao Avelanj angliyalik Stenli Rouzni mag‘lub etganida o‘zini to‘liq namoyon etgandi. U Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlari bo‘ylab sayohat qilgan, jahon chempionatini kengaytirishga, yangi konfederatsiyalarga ko‘proq joy taqdim etishga va rivojlanish uchun pul ajratishga va’da bergandi. Bu esa muvaffaqiyat keltirdi.
1998 yilda Zepp Blatter UYeFA prezidenti Lennart Yuhanssondan ustun keldi. Uning saylovoldi kampaniyasi turli ayblovlar, mojarolar hamda ovozlar sotib olingani haqidagi taxminlar bilan kechdi, ammo yakunda u baribir FIFA rahbarligiga saylandi. To‘rt yil o‘tib yevropaliklar Blatterni ag‘darish uchun yana bir bor urinib ko‘rishdi, ammo yana yutqazishdi. Buning barchasiga ovoz berish tizimi sabab edi.
2016 yilda esa Janni Infantino UYeFAning sobiq bosh kotibi sifatida hokimiyatga keladi. Avvaliga Yevropa nihoyat jahon futboli rahbarligiga o‘z odamini qo‘ygandek tasavvur paydo bo‘lgandi. Ammo ko‘p o‘tmay u alohida siyosat yuritishi va ko‘p masalalarda Yevropa konfederatsiyasiga qarshi borishi ma’lum bo‘ldi.
2018 yildayoq Infantino 25 milliard dollarlik loyihasini taqdim etgandi. SoftBank bilan bog‘liq investorlar guruhi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini kengaytirish va global Millatlar ligasi uchun pul taklif qilgandi. UYeFA hamkorlar kimligini ochiqlashni talab qildi va tezda kelishuv tuzishga imkon bermadi.
2021 yilda FIFA jahon chempionatini har ikki yilda o‘tkazish g‘oyasini targ‘ib qila boshladi. UYeFA prezidenti Aleksander Cheferin o‘shanda ilk marta boykot haqida jiddiy gapirgandi. Janubiy Amerika ham Yevropaga qo‘shildi, qarshilik juda jiddiyligi ayonlashgach, ushbu loyiha to‘xtatildi.
Bu muhim pretsedent edi: ovozlar hal qiluvchi ahamiyatga ega, ammo futboldagi asosiy qit’ani yo‘qotish xavfi tug‘ilganda, FIFA ortga chekinadi.

FIFA aynan nimani istamoqda?
Endi FIFA FIFA Forward Enterprise kompaniyasini tashkil etishni taklif qilmoqda. Unga media huquqlari, homiylik shartnomalari, chiptalar savdosi, litsenziyalash va turnirlarni tashkil etishni topshirishmoqchi. Biznesning dastlabki bahosi 20 milliard dollarni tashkil etadi. Uning 20 foizgacha bo‘lgan qismini xususiy investorlarga berish va bu orqali 4,2 milliard dollarga yaqin mablag‘ jalb qilish rejalashtirilgan.
Bunda FIFA rasmiy ravishda nazoratni o‘zida saqlab qoladi. Investorlar futbol qoidalarini, jahon chempionati ishtirokchilari yoki xalqaro taqvimni o‘zgartira olishmaydi. Ular sport qismini boshqarish huquqisiz minoritar ulushga ega bo‘ladi.
Muammo shundaki, hech kim 4,2 milliard dollarni shunchaki bermaydi. Sarmoyadorlarga daromad kerak. Demak, yangi kompaniya ko‘proq turnirlar o‘tkazishi, ko‘proq chiptalar sotishi, narxlarni oshirishi, homiylik paketlarini kengaytirishi va har bir o‘yindan qo‘shimcha foyda olishi kerak bo‘ladi.
Potensial hamkorlar uchun taqdimotda allaqachon xalqaro musobaqalar soni ko‘payishi, qimmatroq chiptalar, zayom kapitalini jalb qilish va media huquqlarini maksimal darajada faollik bilan sotish haqida so‘z boradi. «Global turnirlar» sonini yiliga 200 tadan 450 tagacha oshirish taklif etilgan.
FIFA investorlar futbol ustidan hukmronlikni qo‘lga kiritmasligiga ishontirmoqda. UYeFA esa shunday mantiqiy savol qo‘ymoqda: agar sportcha qaror bir necha milliardlik ulush egasiga foydasiz bo‘lsa, nima bo‘ladi?
Texnik qo‘mitada investorga joy bermaslik mumkin. Unga jahon chempionati mezbonini tanlashni taqiqlash mumkin. Ammo agar butun tuzilma har yili o‘sishni ko‘rsatishi shart bo‘lsa, barcha qarorlar foydani oshirishga borib taqaladi. Biznes shunday ishlaydi.
Texnik qo‘mitada investorga joy berilmasligi mumkin. Unga jahon chempionati mezbonini tanlashni taqiqlanishi mumkin. Ammo agar butun konstruksiya har yili o‘sishni ko‘rsatishi shart qilib qo‘yilgan bo‘lsa, barcha qarorlar foydani oshirishga borib taqaladi. Chunki biznes shunday ishlaydi.
FIFA sodiqlikni sotib olmoqchi

FIFA 211 ta assotsiatsiyaning har biriga rivojlanish uchun bir martalik to‘lov sifatida 20 million dollargacha to‘lashni va’da qilmoqda. Bu esa aynan yuqorida tilga olingan 4,2 milliard dollarga teng.
Bundan kelib chiqadiki, FIFA investorlarga kelajakdagi daromadlarning bir qismini berishni va olingan mablag‘larni bitimni ma’qullashi kerak bo‘lganlar o‘rtasida deyarli darhol taqsimlashni taklif qiladi. Huquqiy jihatdan bu rivojlanish dasturi sifatida taqdim etilgan. Siyosiy jihatdan esa hammasi sodiqlikni sotib olishni eslatadi.
Bunday pul Fransiya, Angliya va Germaniya kabi jahon futboli gigantlarini qiziqtirishi dargumon. Kichik federatsiyalar uchun esa 20 million dollar yangi maydonlar, akademiyalar, murabbiylar dasturlari va normal infratuzilmani anglatishi mumkin. Buning uchun ular ovozini berishga tayyor. FIFAning siyosiy modeli ham shunga asoslanadi.
Biroq, hozir Infantinoning odatiy ittifoqi ham darz ketdi. Osiyo futboli rahbari o‘z bayonotida maslahatlashuvlar yo‘qligini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat» deb atadi va qarorni kechiktirishga chaqirdi. KONKAKAF esa FIFA qarorini rasman qoraladi.
FIFA chekinadimi?
Buyog‘iga nima bo‘ladi? Katta ehtimol bilan, FIFA baribir ortga tisariladi. Bu safar Janni Infantino oshirib yubordi. Bu epizodgacha uning strategiyasi juda tushunarli va muvaffaqiyatli edi. Infantino tashkilot daromadlarini tez sur’atlar bilan oshirdi, milliy assotsiatsiyalarga to‘lovlarni ko‘paytirdi, kichik mamlakatlarga tayandi va deyarli mutlaq hokimiyatni saqlab qoldi.
Mish-mishlarga ko‘ra, shveytsariyalik mulozim hatto FIFA rahbarining lavozim muddatiga qo‘yilgan cheklovni bekor qilishni ham xohlaydi. Boshqa variant – Infantino o‘z lavozimini tark etgach, aynan FIFA Forward Enterprise’ni boshqarishi va amalda jahon futbolini boshqarishda davom etishi mumkin edi.
Katta ehtimol bilan, Infantino mag‘lubiyatni to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olmaydi, balki maslahatlashuvlarning yangi bosqichini e’lon qiladi. U yaxshilangan modelni, qo‘shimcha kafolatlarni taklif qiladi va futbol birligi uchun tarixiy kelishuv haqida gapiradi. UYeFA va boshqa barcha konfederatsiyalar muhokamaga taklif etiladi. Tijorat bo‘linmasi baribir tashkil etilishi mumkin, ammo u to‘liq FIFA nazorati ostida qoladi. Investorlarning pullarini esa kompaniya ulushini sotmasdan, boshqa yo‘l bilan jalb qilishga harakat qilishadi.
Yoshlar, ayollar yoki kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatini Yevropa davlatlari ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu milliardlab dollar sarmoya kiritishi kerak bo‘lgan investorlarni aynitishi tayin.
Jahon futbolidagi bo‘linishni hozircha tasavvur qilish qiyin. Biroq, 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan FIFA rahbari saylovi qiziqarli bo‘lishi tayin. Katta ehtimol bilan, bu loyiha orqali Infantino anchadan beri birinchi marta o‘zini xavf ostiga qo‘ydi va UYeFA endi Yevropadan tashqarida ham qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan kuchli raqib sifatida namoyon bo‘ldi.











