Kelishuv dastlab 30 iyul kuni kechqurun AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilindi. Bu Tinchlik kengashi va vositachi davlatlar sulhning keyingi bosqichi uchun yo‘l xaritasi yakunlaganini ma’lum qilgach yuz berdi.
«Bugun Tinchlik kengashi Hamas va G‘azodagi barcha boshqa qurolli guruhlarni TO‘LIQ QUROLSIZLANTIRISh bo‘yicha TARIXIY kelishuvga erishdi. Bu barqaror TINChLIK va XAVFSIZLIK sari qo‘yilgan ulkan qadamdir», deb yozdi Tramp.
Tramp kelishuv bosqichma-bosqich amalga oshirilishini va qurolsizlanish jarayoni rivojlangani sari Isroil qo‘shinlari olib chiqib ketilishini aytdi. «Kelishuv ehtiyotkorlik bilan tuzilgan bosqichlarda amalga oshiriladi. Qurolsizlanish yakunlangach, Isroil kuchlari olib chiqiladi va Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari …yangi Falastin politsiya kuchlari bilan birgalikda ishlaydi», deb yozgan u.
Al Jazeera'ning yozishicha, ikkinchi bosqichda shartlarga rioya qilinishini ta’minlashga qaratilgan muzokaralar uchun Misr – AQSh, Qatar va Turkiya vakillariga mezbonlik qiladi.
Qurolsizlanish bosqichlari
Qurolsizlanish bo‘yicha rejada quyidagilar belgilangan:
HAMAS qurollarini ro‘yxatga olish jadvali 14 kun ichida tayyorlanishi kerak. Muddatni uzaytirishga faqat xalqaro tekshiruv komissiyasi va barcha ishtirokchi tomonlar rozi bo‘lgandagina ruxsat beriladi.
Falastin Milliy Qo‘mitasi xatlov va saqlash jarayonini nazorat qiladi hamda amalga oshiradi. U Falastin guruhlari ishtirokida G‘azoda qurollarni ushlab turuvchi, saqlovchi yoki nazorat qiluvchi yagona organga aylanadi.

Isroilga yoki falastinlik bo‘lmagan boshqa tomonlarga hech qanday qurol topshirilmaydi.
Xalqaro tekshiruv komissiyasi, xalqaro kuchlar va yangi Falastin politsiyasi Isroil qo‘shinlarining belgilangan chiziqlarga bosqichma-bosqich olib chiqilishi fonida qurolsizlanishni nazorat qiladi.
Xatlov va saqlash dastlab og‘ir qurollar, harbiy ishlab chiqarish ob’yektlari, qurol omborlari va keng ko‘lamli tunnel tarmoqlariga qaratiladi.
Bu jarayon bir nechta bosqichlarga, jumladan, Milliy Qo‘mitaning kirib kelishi va xalqaro kuchlarning joylashtirilishiga bog‘liq.
Xalqaro kuchlar yangi Falastin politsiya xizmatini o‘qitadi, falastinliklar hamda ortga qaytayotgan Isroil qo‘shinlari o‘rtasida joylashadi va qurollarni hisobdan chiqarish jarayonini nazorat qiladi.
Nashrning rasmiylarga tayanib yozishicha, demilitarizatsiya jarayoni 200dan 300 kungacha davom etishi mumkin. «Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini amerikalik general nazorat qiladi. Ammo bir qator davlatlardan jami 5000 nafarga yaqin kuchlarni jalb qilish bo‘yicha kafolatlar allaqachon mavjud».
G‘azoni kimlar boshqaradi?
Yo‘l xaritasi G‘azoning kundalik boshqaruvini Tinchlik kengashi nazorati ostida ishlaydigan texnokratik Falastinliklar qo‘mitasiga topshiradi. Taklif etilayotgan tuzilmaga quyidagilar kiradi:
G‘azo Tinchlik kengashi: AQSh boshchiligidagi, Tramp umrbod raislik qiladigan xalqaro organ. U yuqori darajadagi strategiya, urushdan keyingi barqarorlashtirish va qayta tiklashni moliyalashtirish uchun mas’uldir.

Ta’sischi ijroiya Kengashi: Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler boshchiligidagi yetti kishidan iborat guruh bo‘lib, u kun tartibini belgilaydi va kengash vazifalarini amalga oshiradi.
G‘azo ijroiya Kengashi: Qayta tiklash ishlarini yo‘naltirish va mintaqaviy diplomatlar bilan muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan operativ organ.
G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy Qo‘mita: G‘azo ichidagi fuqarolik ma’muriyati uchun mas’ul bo‘lgan texnokratlar qo‘mitasi.

Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari: Yangi Falastin politsiyasini qo‘llab-quvvatlash va xavfsizlikni ta’minlashga mo‘ljallangan ko‘p millatli kuchlar. Indoneziya ehtimoliy ishtirokchi sifatida tilga olingan, Marokash o‘qitish bo‘yicha yordam berishni va’da qilgan.
G‘azoning yangi politsiya kuchlari: Hamas va Isroil qo‘shinlari bo‘shatgan hududlar nazoratini o‘z zimmasiga olishi kutilayotgan, mahalliy aholidan tuziladigan kuchlar. Xodimlarni qanday qilib ishga qabul qilish va tanlash masalasi so‘roq ostida qolmoqda.
Isroil jim, Hamasning shartlari bor
Jarayon barcha tomonlar kelishuvni rasman qabul qilganidan keyin 14 kun o‘tgach boshlanishi belgilangan. «Isroilliklar buni imzolagani haqida hali hech qanday tasdiq yo‘q. Ammo agar Isroil bitimdan voz kechsa, Donald Tramp bundan juda hafsalasi pir bo‘lishini bizga aytishdi», deydi Al Jazeera muxbiri.
Yuqorida qayd etilganidek, Hamasning qurolsizlanishini bevosita Isroilning G‘azodan chiqib ketishiga bog‘langan. Ya’ni har bir bosqich bir-biriga qaram. Binobarin, Isroilning o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni kechiktirishga qaratilgan har qanday urinishi yoki yangi shartlar qo‘yishi butun jarayonni to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Hamasning muzokaralar delegatsiyasi a’zosi G‘oziy Hamad ham kelishuv Isroilning o‘z majburiyatlarini bajarishiga bog‘liq bo‘lishini aytdi.
«Agar Isroil kuchlari kelishuv doirasidagi o‘z majburiyatlarini bajarmasa, Hamas G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuvining hech bir qadamini amalga oshirmaydi», dedi u nashrga bergan intervyusida. «Isroil qurolsizlanish masalasiga aralashmaydi va bu vazifani milliy qo‘mita amalga oshiradi».
Tahlilchilarga ko‘ra, G‘azoda faoliyat yurituvchi, Hamas tarkibiga kirmaydigan turli qurolli guruhlar va jangarilar mavjud bo‘lib, ular ushbu kelishuvni buzishni xohlashlari mumkin. Va albatta, G‘azodan qo‘shinlarning olib chiqilishini ko‘rishni istamaydigan isroillik radikal siyosatchilar ham bo‘ladi. Ular Hamas qurol saqlamoqda degan, turli da’volarni qilishadi.
Umidvor falastinliklar
Ushbu e’lon Isroilning oldingi kelishuvlarga amal qilmagani sababli falastinliklarning unga nisbatan chuqur ishonchsizligi fonida yangramoqda.
AQSh vositachiligida 2025 yil 10 oktyabrda G‘azoda kuchga kirgan «o‘t ochishni to‘xtatish rejimi"ni Isroil deyarli har kuni buzib kelmoqda. Sulh davrida IDF hujumlari kamida 1100 nafar falastinlikning hayotiga zomin bo‘ldi. Shuningdek, Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami kirishini cheklashda davom etdi, «Sariq chiziq» deb ataladigan hududni sektor bo‘ylab ichkariga kengaytirdi.

Falastinliklar esa har kuni Isroil hujumlaridan, qayta-qayta ko‘chirilishlardan, shuningdek oziq-ovqat, dori-darmon tanqisligidan aziyat chekishda davom etayotgan bir paytda, bu e’lon ham umid, ham shubha bilan kutib olindi.
«Haqiqat shuki, har kuni sektorning turli burchaklaridan ko‘plab qurbonlar haqida xabarlar kelmoqda. Oddiy falastinliklar uchun eng muhim savol shu: ular Tramp va boshqalarning bu xabarlari ta’sirini amalda qachon his qilishadi?
Falastinliklar zo‘ravonlikning tugashini ko‘rishni xohlashadi. Ular erkin harakatlanib, aksariyati butunlay vayron bo‘lgan o‘z uylariga qaytishni istashmoqda», deydi Al Jazeera'ning G‘azo shahridan xabar beruvchi muxbiri Ibrohim al-Xaliliy. Falastinliklar ushbu urush haqiqatan ham o‘z nihoyasiga yetayotganini his qilishni xohlashadi.












