So‘nggi yillarda sun’iy intellekt mehnat bozoriga ta’siri tobora kuchayib, ko‘plab kasb egalari o‘z ish o‘rinlari kelajagidan xavotir bildirmoqda. Biroq barcha kasblar ham avtomatlashtirishga bir xil darajada moyil emas.
Mutaxassislar buning asosiy sabablari sifatida ish jarayonining oldindan to‘liq bashorat qilib bo‘lmasligi, jismoniy mehnat talab qilinishi, mutaxassis va mijoz o‘rtasida ishonch muhim o‘rin tutishi, shuningdek, litsenziyalash va huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq talablarni keltiradi. Ayrim kasblarda esa yuqori malaka va inson tajribasi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu asosda Job Zone Risk xizmati sun’iy intellektga chidamlilik indeksi - AIJRI (Artificial Intelligence Job Resilience Index)ni ishlab chiqqan. Indeks qanchalik yuqori bo‘lsa, ushbu kasbni sun’iy intellekt almashtirish ehtimoli shunchalik past hisoblanadi.
Reytingga ko‘ra, elektr uzatish tarmoqlarini o‘rnatish va ta’mirlash bo‘yicha mutaxassislar eng barqaror kasb egalari deb topildi. Ularning AIJRI ko‘rsatkichi 91,6 ballni tashkil etgan. Shuningdek, temiryo‘l signalizatsiya tizimlarini sinovdan o‘tkazuvchi muhandislar va sun’iy intellekt xavfsizligi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar ham yuqori o‘rinlarni egallagan.
Ro‘yxatdan qabul qiluvchi ota-onalar, montajchilar, elektrchilar, travmatolog-jarrohlar ham o‘rin olgan. Shuningdek, kutilmagan kasblardan biri - kino va teatrda sahnalarni muvofiqlashtiruvchi koordinator ham sun’iy intellekt ta’siriga eng chidamli kasblar qatoriga kiritilgan.
Tadqiqot mualliflari qayd etishicha, bugungi kunda sun’iy intellekt eng ko‘p ofis xodimlari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, hujjatlar bilan ishlash, jadvallar tuzish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish va ma’lumotlarni qayta ishlash bilan bog‘liq vazifalar avtomatlashtirish xavfi yuqori bo‘lgan sohalar sifatida baholanmoqda.
Qaysi kasblarga sun’iy intellekt tahdid solmaydi?
09:207413 min
Sun’iy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bo‘lsa-da, ayrim kasblar hali ham avtomatlashtirishga eng chidamli hisoblanadi. Mutaxassislar fikricha, jismoniy mehnat, insonlar o‘rtasidagi ishonch va yuqori malaka talab qiladigan sohalarda inson o‘rnini to‘liq bosish hozircha qiyin.











