Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy iyul oyi boshida mamlakat urushi natijasi ko‘p jihatdan havodagi ustunlikka bog‘liqligini ta’kidlab, Ukraina bu sohada raqobatbardosh bo‘lib borayotganini aytgan edi. Oradan bir necha kun o‘tib, u Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) tomonidan amalga oshirilayotgan «40 kunlik uzoq masofali sanksiyalar rejasi» haqida ma’lum qildi. 10 iyul kuni esa Ukraina Qurolli kuchlari tarkibida Rossiyaga uzoq masofadan ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha alohida qo‘mondonlik tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
26 iyul kuni Zelenskiy harbiy qo‘mondonlik bilan yig‘ilish o‘tkazib, Rossiyadagi ustuvor nishonlar ro‘yxatini yangiladi va amaliyotlarni davom ettirishga kelishildi. Ukraina prezidentining ma’lum qilishicha, joriy yilning o‘zidayoq mamlakat mudofaa kuchlari «uzoq masofali sanksiyalar» doirasida mingdan ortiq o‘t ochish vazifasini bajargan.
Qanday ob’yektlar nishonga olinmoqda?
Ukrainalik harbiy tahlilchilarning fikricha, asosiy nishonlar Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari, neft bazalari va quvur tarmoqlaridagi nasos stansiyalaridir. Shu bilan birga, Penzada raketa qismlari ishlab chiqaradigan zavod, Cheboksaridagi «VNIIR-Progress» korxonasi, havo mudofaa tizimlari, harbiy kemalar, logistika markazlari hamda so‘nggi vaqtlarda Wildberries kompaniyasining omborlari ham zarbalar ostida qolmoqda.
Ukraina tomoni bu logistika markazlaridan Rossiya armiyasi ehtiyojlari uchun sanksiyalar ostidagi butlovchi qismlarni tashishda foydalanilganini iddao qilmoqda.
Zarbalar geografiyasi kengaymoqda
Ukraina dronlari va boshqa uzoq masofali qurollari Rossiyaning avval xavfsiz hisoblangan hududlariga ham yetib bormoqda. Ular Yaroslavl viloyati, Udmurtiya, Perm o‘lkasi, Boshqirdiston va Ufadagi neft ob’yektlariga, shuningdek, Kaspiy dengizidagi nishonlarga ham zarba bergan.
Ukraina manbalariga ko‘ra, ayrim nishonlar mamlakat chegarasidan 3 ming kilometrdan ortiq masofada joylashgan.
Tahlilchilar Rossiyaning ulkan hududi havo mudofaa tizimlari bilan barcha infratuzilmani bir vaqtning o‘zida himoya qilishni qiyinlashtirayotganini ta’kidlamoqda.
Arzon dronlar asosiy vositaga aylandi
Ukraina uzoq masofali kampaniyasida mahalliy ishlab chiqarilgan FP-1 kabi kamikadze-dronlar asosiy o‘rinni egallamoqda. Defense Express keltirgan Ukraina Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, chuqur hududlardagi nishonlarning qariyb 54 foizi aynan shu turdagi dronlar orqali yo‘q qilingan.
Bir dona bunday dronning qiymati taxminan 55 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Ulardan tashqari «Flamingo» raketalari kabi qurollar ham alohida muhim nishonlarga qarshi qo‘llanmoqda.
Ukraina tomonining ta’kidlashicha, ayrim neftni qayta ishlash zavodlariga takroriy zarbalar berilib, ta’mirlash ishlarini yakunlashga imkoniyat qoldirilmayapti.
Natijalar qanday baholanmoqda?
Mustaqil tahlil kompaniyasi Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida Rossiya neftni qayta ishlash hajmi sutkasiga taxminan 560 ming tonna bo‘lib, bu so‘nggi ko‘p yillar uchun eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Benzin ishlab chiqarish esa o‘tgan yilga nisbatan taxminan 25 foizga qisqargan.
Turli baholashlarga ko‘ra, Ukraina hujumlari Rossiyaning neftni qayta ishlash quvvatlarining taxminan 40 foiziga ta’sir ko‘rsatgan.
Ukraina Harbiy razvedkasi ma’lum qilishicha, 6 iyul kuni Omskdagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga berilgan zarbadan keyin uning quvvatlarining 75 foizga yaqini ishdan chiqqan.
Bloomberg agentligi keltirgan EA Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada neft qayta ishlash hajmi mart 2005 yildan buyon kuzatilmagan darajaga tushib ketgan.
Rossiyaning o‘zida ham ayrim hududlarda yoqilg‘i sotuviga cheklovlar joriy etilgani, ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar paydo bo‘lgani xabar qilinmoqda. Shu bilan birga, Moskva yonilg‘i eksportini qisqartirib, importni ko‘paytirishni rejalashtirgani aytilmoqda.
Bu urush borishiga ta’sir qiladimi?
Ukrainalik harbiy tahlilchilar fikricha, uzoq masofali zarbalar Rossiyaning iqtisodiy va harbiy imkoniyatlariga bosimni kuchaytirmoqda. Biroq ularning qayd etishicha, bunday amaliyotlar urush taqdirini yakka holda hal qila olmaydi. Bu frontdagi harakatlar, diplomatik bosim va iqtisodiy sanksiyalar bilan birgalikda qo‘llanganda samarali bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, ayrim ekspertlar mazkur zarbalar Ukrainaga xalqaro munosabatlarda mustaqil harakat qilish imkoniyatini namoyon etish va Rossiyaga nisbatan strategik bosimni oshirish vositasi sifatida ham xizmat qilayotganini ta’kidlamoqda.











