Bloomberg agentligi ma’lum qilishicha, Senatdagi ikki partiya vakillari Rossiya va Eronga qarshi yangi sanksiyalar nazarda tutilgan qonun loyihasi yuzasidan kelishuvga erishgan.

Loyihada AQSh prezidentiga Rossiyadan import qilinadigan tovarlarga 500 foizlik boj joriy etish vakolati berilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Rossiya nefti, tabiiy gazi yoki uranini xarid qiladigan, yoxud Moskvaga amaldagi sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam beradigan mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga ham 100 foizgacha tarif belgilash imkoniyati yaratiladi.

Hujjatga ko‘ra, mazkur vakolatlar qonun kuchga kirganidan keyin besh yil davomida amal qiladi. Qonun loyihasi mualliflaridan biri yaqinda vafot etgan respublikachi senator Lindsi Grem hisoblanadi.

Bloomberg qayd etishicha, ushbu tashabbus AQShning Xitoy va Hindiston bilan savdo munosabatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Zero, bu ikki davlat Rossiya energetika resurslarining eng yirik xaridorlari qatoriga kiradi. Shu sababli ayrim demokrat senatorlar prezidentga bunday keng vakolatlar berilishidan xavotir bildirmoqda.

Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasi shu haftayoq Senatda qabul qilinishi mumkin. Biroq u sentyabrdan avval kuchga kirmaydi. Chunki AQSh Kongressining quyi palatasi - Vakillar palatasi yozgi ta’tilga chiqqan.

Donald Tramp avvalroq 2025 yilda tayyorlangan ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan edi. U Rossiya va Eronga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish yoki yumshatish bo‘yicha prezident vakolatlarini yanada kengaytirishni talab qilgan. Biroq Lindsi Grem vafotidan keyin hamda qonun loyihasiga ayrim o‘zgartishlar kiritilgach, Oq uy bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi.

Tramp ma’muriyati avval ham Rossiyani Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga undash maqsadida sanksiya bosimini kuchaytirishga uringan edi. Biroq Eron bilan mojaro paytida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat keskinlashgach, jahon bozorida energiya narxlarining keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida Rossiya nefti bilan bog‘liq ayrim operatsiyalarga nisbatan cheklovlar vaqtincha yumshatilgan edi.