28 iyul kuni Andrey Sibixa o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Abbos Arag‘chi bilan telefon orqali muloqot qilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina barcha harakatlarini faqat Rossiyaning agressiyasidan himoyalanishga qaratgan va hech qachon fuqarolik kemalari yoki tinch aholiga qarshi zarba berishni maqsad qilmagan.
Sibiga so‘zlariga ko‘ra, bunday hodisalarning asosiy sababi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘lib, yuzaga kelayotgan qurbonlar va provokatsiyalar uchun mas’uliyat ham Moskva zimmasida. Shuningdek, u Eronni vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan har qanday qadamlardan tiyilishga chaqirdi hamda Rossiyaga ko‘rsatilayotgan har qanday qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish zarurligini ta’kidladi.
Ukraina diplomati Yevropa va Yaqin Sharq barqarorlik, xavfsizlik va tinchlikka muhtoj ekanini qayd etib, Kiyevning bu boradagi pozitsiyasi o‘zgarmasligini bildirdi.
Oradan ko‘p o‘tmay Abbos Arag‘chi ham X orqali munosabat bildirdi. Uning aytishicha, Sibixa hujum qasddan amalga oshirilmaganini va Ukraina eskalatsiyani istamasligini ma’lum qilgan. Biroq Eron ham vaziyatni keskinlashtirishni xohlamasligini, ammo mamlakat fuqarolari yoki manfaatlariga qarshi har qanday hujum qabul qilinishi mumkin emasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Tehron yetkazilgan zarar qoplab berilishini talab qildi.
25 iyul kuni Eron Kaspiy dengizidagi o‘z savdo kemasiga qilingan hujum uchun Ukrainani ayblagan edi. Tehron ma’lumotiga ko‘ra, kema bortida portlash sodir bo‘lib, bir dengizchi halok bo‘lgan, yana biri jarohat olgan. Eron tashqi ishlar vazirligi bu voqeani BMT nizomining buzilishi deb baholab, mamlakat Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga aralashmaganini bildirgan.
Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 25 iyul kuni Kaspiy dengizida amalga oshirilgan uzoq masofali zarbalar «yaxshi natija bergani»ni ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar Eron va Rossiya o‘rtasida harbiy yuklarni tashishda foydalanilgan kemalar hamda bir harbiy kemaga qaratilgan.
Ukraina Xavfsizlik xizmati ham shu kuni bergan bayonotida dronlar xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan va Eron bilan Rossiya o‘rtasida harbiy yuklarni tashish uchun ishlatilgan yuk kemalariga zarba berganini ma’lum qildi. Bu holat Kaspiy dengizidagi voqealar yuzasidan Kiyev va Tehron o‘rtasida diplomatik muloqotlarni yanada faollashtirdi.











