Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 28 iyul kuni Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashdi. Zelenskiyning AQShga tashrifi respublikachi senator Lindsi Grem bilan vidolashuv marosimi munosabati bilan amalga oshirildi. Grem Ukrainaga yordam ko‘rsatish tarafdorlaridan biri sifatida tanilgan edi.

Yopiq eshiklar ortida o‘tgan va bir soatga yaqin davom etgan muzokaralarda asosiy e’tibor Ukraina bilan harbiy hamkorlikni davom ettirishga qaratildi. Zelenskiy uchrashuvda Patriot havo mudofaa tizimlari uchun tutib qoluvchi raketalarni litsenziya asosida ishlab chiqarish hamda Ukrainaga yordam berishi mumkin bo‘lgan boshqa tashabbuslar muhokama qilinganini ma’lum qildi. Shuningdek, tomonlar diplomatik jarayonlarni faollashtirish masalasiga ham to‘xtaldi.

Ekspertlar fikricha, mazkur uchrashuvda erishilgan aniq kelishuvlardan ko‘ra, muzokaralar qanday muhitda o‘tgani muhimroq ahamiyatga ega. Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan suratlarda ikki davlat rahbarlari samimiy muhitda muloqot qilgani aks etgan.

Kiyev-Mogila akademiyasi o‘qituvchisi va «Ukraina prizmasi» tahlil markazi eksperti Aleksandr Krayevning ta’kidlashicha, Trampning Ukrainaga nisbatan munosabati avvalgiga qaraganda ancha ijobiy tus olgan. Uning fikricha, Rossiya muzokaralarni sustlashtirishda davom etayotgan bir vaqtda Ukraina hamkorlikka tayyor ekanini va murosaga intilayotganini namoyon qilmoqda. Bu esa Tramp uchun siyosiy jihatdan maqbul hamkor obrazini shakllantirmoqda.

Ekspert bu holatni AQSh ma’muriyatining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar haqidagi Grem–Blyumental qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashi va Pentagonning Ukrainaga ajratiladigan mablag‘larni qayta faollashtirishi bilan ham izohlaydi. Uning ta’kidlashicha, bu jarayon murakkab kechayotgan bo‘lsa-da, munosabatlarda ijobiy siljish kuzatilmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, muzokaralarda ikki asosiy yo‘nalish muhokama qilingan. Birinchisi - Yevropada Patriot tizimlari uchun raketalarni litsenziya asosida ishlab chiqarish va qurol-yarog‘ sohasidagi hamkorlikni kengaytirish. Ikkinchisi esa Rossiya bilan urushni tugatishga qaratilgan diplomatik jarayonlar bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, Kiyev AQSh prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Ukrainaga tashrifini ham kutmoqda.

Shu bilan birga, Ukraina tashqi siyosat tahlilchilari Vashingtonning Kiyevga qiziqishida yana bir omil - Eron yo‘nalishi muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlamoqda. Milliy strategik tadqiqotlar instituti eksperti Ivan Usning fikricha, 25 iyul kuni Ukraina kuchlarining Kaspiy dengizida Rossiya va Eron o‘rtasida harbiy yuk tashishda foydalanilgan kemalarga qarshi amalga oshirgan hujumlari AQSh uchun Ukrainaning strategik ahamiyatini oshirdi.

Uning baholashicha, AQSh va Isroil Eronga janub tomondan bosim o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lsa, Kaspiy dengizi orqali shimoliy yo‘nalishdagi bosimda Ukraina muhim o‘rin tutadi. Shu bois tahlilchilar Trampning Zelenskiy va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan deyarli bir vaqtda uchrashuvlar o‘tkazganini ham umumiy geosiyosiy strategiyaning bir qismi sifatida baholamoqda.

Ekspertlar fikricha, bu omillar Ukrainaning AQSh tashqi siyosatidagi o‘rnini yanada mustahkamlashi va ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga chiqishiga xizmat qilishi mumkin.