Prezident matbuot xizmati davlat rahbarining mazkur uchrashuvdagi nutqidan muhim fikrlarni sanab o‘tdi:

  • Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda diplomatlar zimmasidagi mas’uliyat har qachongidan ham muhim.
  • Ochiqlik siyosati tufayli investitsiya muhiti yaxshilanib, eksport salohiyati oshirilmoqda va xususiy sektor uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
  • O‘tgan yili mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sdi, iqtisodiyotga 43 milliard dollar investitsiya jalb qilindi.
  • Xalqaro zaxiralar 70 milliard dollardan ortdi, joriy yilda YaIM hajmi 180 milliard dollardan ko‘payishi kutilmoqda.
  • O‘zbekiston 170 davlat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan, 90 dan ortiq davlat bilan vizasiz rejim amal qilmoqda.
  • O‘zbekiston bundan buyon ham pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosatni izchil davom ettiradi.
  • O‘zbekiston kelgusi yildan Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi. 2027 yil aprel oyida mamlakatimizda tashkilot sammiti o‘tkaziladi.
  • Italiya O‘zbekistonning nafaqat Yevropa Ittifoqidagi, balki jahon miqyosidagi muhim siyosiy va iqtisodiy sheriklaridan biri.
  • Italiya bilan munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, “Italiya – Markaziy Osiyo” sammitining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
  • Italiya kompaniyalari bilan “yashil” energetika, metallurgiya, kimyo, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, ta’lim, turizm va migratsiya sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
  • Isroil-Falastin muammosi bo‘yicha O‘zbekiston azaldan qat’iy va prinsipial pozitsiyani egallab kelgan. Masalani xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari asosida tinch yo‘l bilan, “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyiliga tayangan holda hal etish tarafdorimiz.
  • Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik doirasida 25 milliard dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgan. Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ham islohotlarimizga faol ko‘mak ko‘rsatmoqda.
  • Quvayt investitsiya agentligi bilan neft-kimyo, davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilma loyihalarini amalga oshirish imkoniyati mavjud.
  • Jazoir bilan Hukumatlararo qo‘shma komissiyani ta’sis etish, Ishbilarmonlar kengashini tuzish, Imtiyozli savdo bitimini imzolash iqtisodiy aloqalarimizga yangi shiddat bag‘ishlaydi.
  • Malayziya bilan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish uchun asos yaratildi, Imtiyozli savdo bitimi yil yakunigacha imzolanishi kutilmoqda.
  • Malayziya jamiyatida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband merosiga qiziqish tobora ortib bormoqda.
  • Pokiston bilan haftalik aviaqatnovlar soni 6 taga yetdi, sentyabrdan Toshkent–Karochi yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.
  • Joriy yilda Pokistonda “O‘zbekiston madaniyati haftaligi” va uning doirasida “O‘zbek kinosi kunlari” o‘tkaziladi.
  • Bu yil boshidan buyon Ozarbayjon bilan o‘zaro savdo 40 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar soni salkam 450 taga yetdi. Yuk tashish hajmi ikki barobarga o‘sdi.
  • O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi investitsiya portfelini yaqin istiqbolda 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
  • Qozog‘iston bilan o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yili 5 milliard dollarga yaqinlashdi. Joriy yil boshidan buyon bu raqam 26 foizga o‘sdi. Yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish asosiy maqsad hisoblanadi.
  • Ayni paytda 8 milliard dollarga yaqin qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilib, “Yo‘l xaritasi” imzolandi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 29 iyul kuni amaliy tashrif bilan Qozog‘istonga tashrif buyurishi xabar qilingandi.