Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Yangiyo‘l tumani aholisi va tadbirkorlarini elektr hamda gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha maxsus shtab tashkil etilishi aytilgandi.

Energetika vazirligining bildirishicha, yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida shu kunning o‘zida Yangiyo‘l tumanida energetika vaziri Sherzod Xodjayev boshchiligida elektr va gaz ta’minotini yanada yaxshilash bo‘yicha maxsus shtab tashkil etildi.

Mazkur shtab faoliyatini muvofiqlashtirishda Yangiyo‘l tumani hokimi San’atbek Jumaniyozov vazirning o‘rinbosari sifatida ishtirok etadi.

Shtab a’zolari ikki hafta davomida tumanning barcha - 51 ta mahallasida aholi va tadbirkorlarning elektr hamda tabiiy gazga bo‘lgan oylik, choraklik va yillik ehtiyojini chuqur o‘rganadi.

O‘rganishlar natijasida tumanning energiya iste’moli balansi shakllantirilib, kelgusidagi ta’minot tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 1 oktyabriga qadar barcha tashkiliy va amaliy ishlarni yakunlab, Yangiyo‘l tumanini elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha respublikadagi namunaviy hududlardan biriga aylantirish rejalashtirilgan.