“Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Qonunga ko‘ra, zararning o‘rnini qoplash uchun undiriladigan mablag‘lar miqdori sudning qarori asosida aniqlanadi.

Jismoniy yoki yuridik shaxsga yetkazilgan hamda sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan moddiy va (yoki) ma’naviy zararning o‘rni hududiy kompensatsiya jamg‘armasidan pul shaklida qoplanadi.

Zararning o‘rni sudning zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq berilgan ijro varaqasiga asosan qoplanadi.

Agar zarar yetkazilganligi uchun aniq bir shaxs sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aybdor deb topilgan bo‘lsa, moddiy va (yoki) ma’naviy zararning o‘rni ushbu shaxs tomonidan qoplanishi lozim.

Sud qarori bilan aybdor deb topilgan shaxs o‘zi yetkazgan zararning o‘rnini undiruvchiga belgilangan tartibda ixtiyoriy ravishda qoplash huquqiga ega.

Zararning o‘rni sud qarori asosida hududiy kompensatsiya jamg‘armalari hisobidan qoplab berilganda va keyinchalik zarar yetkazgan aybdor shaxsga nisbatan qonunga muvofiq regress huquqi yuzaga kelgan taqdirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aybdor shaxs faoliyat yuritayotgan yoki muqaddam ishlagan davlat organiga talabnoma kiritadi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.