Qonunchilik palatasi majlisida kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda raqamli muhitdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, deputatlar takliflari va huquqni qo‘llash amaliyoti asosida hujjatning bir qator normalari qayta ishlandi.
Xususan, «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq, kiberxavfsizlik talablariga rioya etilmagani yoki shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish choralari ko‘rilmagani natijasida fuqarolarga moddiy zarar yetkazilsa, ushbu zararni banklar, to‘lov tizimi operatorlari yoki to‘lov tashkilotlari qoplashi belgilanmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi normalar bilan masofaviy davlat xizmatlari tizimidagi shaxsiy akkauntlar yoki abonent qurilmasining identifikatsiya modullarini g‘arazli maqsadlarda boshqa shaxslarga berish, shuningdek, o‘zga shaxsning akkaunti yoki abonent raqamidan noqonuniy foydalanish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar esa raqamli dalillar bilan ishlashning huquqiy asoslarini takomillashtirishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ish uchun ahamiyatli bo‘lgan elektron ma’lumotlar va hujjatlarni belgilangan tartibda olib qo‘yish imkoniyati yaratiladi.
Qonun loyihasida yana bir muhim yangilik sifatida bank hisobvaraqlari, elektron hamyonlar va kriptoaktivlar bo‘yicha operatsiyalarni protsessual majburlov chorasi sifatida vaqtincha to‘xtatib turish tartibi ham nazarda tutilgan. Bu noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘larni boshqa shaxslarga o‘tkazib yuborilishining oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.











