«Ijtimoiy ish to‘g‘risida»gi O‘RQ–1159-sonli qonun 2026 yil 23 iyulda qabul qilindi. Hujjatning asosiy maqsadi ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishdan iborat.

Qonunga muvofiq, ijtimoiy ish ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning imkoniyat va salohiyatini oshirishga ko‘maklashadigan, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamni rivojlantirish orqali jamiyatda ijtimoiy o‘zgarishlarga xizmat qiladigan kasbiy faoliyat sifatida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, ijtimoiy ish tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquq-tartibot hamda jazoni ijro etish sohalarida tashkil etiladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi mazkur sohadagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.

Shuningdek, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam birlamchi, ixtisoslashgan va yuqori ixtisoslashgan darajalarga ajratiladi. Ular fuqarolarning yashash joyida, mahallada, ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarda, shu jumladan statsionar muassasalarda hamda internet orqali taqdim etilishi mumkin.

Qonunga muvofiq, ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs yoki uning qonuniy vakilining murojaati, shuningdek, xizmat ko‘rsatish shartlariga bergan roziligi asos bo‘ladi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya aholini ijtimoiy himoya qilish hamda ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ko‘rsatishda qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organ etib belgilandi.