«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Xorazm viloyatining Urganch tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2000 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs Rossiyadan taksi orqali yuborilgan jo‘natmani qabul qilib olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Tekshiruv davomida jo‘natma ichidagi 10 dona shokolad qadog‘iga yashirilgan jami 967 gramm «gashish» giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Shuningdek, DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan shaxs o‘ziga tegishli yer maydonida kelgusida sotish maqsadida 423 tup kannabis o‘simligini yetishtirib kelayotgani fosh etildi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.







