Poytaxtda aholi tomonidan ijobiy baholangan Shota Rustaveli ko‘chasidagi BRT yo‘lagini Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab davom ettirish ishlari boshlanadi.

Shu munosabat bilan 2026 yil 24 iyul soat 01:00 dan 9 avgust soat 23:00 gacha Shahrisabz ko‘chasining Shahrisabz–Mirobod–Shota Rustaveli aylanma chorrahasidan Amir Temur shohko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismida BRT yo‘lagi talablariga moslashtirish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Ma’lum qilinishicha, ishlar davomida mazkur ko‘cha transport harakati uchun to‘liq yopilmaydi. Qurilish ishlari yo‘lning markazidagi to‘rtta harakatlanish tasmasida olib boriladi.

Shu bilan birga, har ikki yo‘nalishda yo‘lning o‘ng chekkasidagi ikkita harakatlanish tasmasi orqali transport vositalari harakati saqlab qolinadi.

Mas’ullar haydovchilardan qurilish ishlari olib borilayotgan hududda ehtiyotkorlik bilan harakatlanishni hamda vaqtinchalik harakat cheklovlarini inobatga olishni so‘radi.