Gayana bosh vaziri Mark Fillips mamlakat sohillari yaqinida MV Barima paromining ag‘darilishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 53 nafarga yetganini ma’lum qildi. Fojia 18 iyul kuni kechqurun poytaxt Jorjtaundan Birima-Uayni hududidagi Port-Kaytuma aholi punktiga yo‘l olgan parom to‘liq tezlikda harakatlanayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qutqaruv operatsiyasi yakshanba tongida boshlangan va hozirga qadar 76 nafar yo‘lovchi qutqarib qolingan. Dastlab halok bo‘lganlar soni 27 nafar deb ma’lum qilingan bo‘lsa, keyinchalik bu raqam 41 nafarga, endi esa 53 nafarga yetgan.

Shuningdek, paromdagi yo‘lovchilar soni bo‘yicha ham aniqlik kiritildi. Ilk ro‘yxatlarda kemada 133 nafar yo‘lovchi borligi aytilgan edi. Biroq 20 iyul kuni bosh vazir Mark Fillips voqea vaqtida paromda jami 179 nafar bo‘lganini bildirdi. Shu bois hozirda yana 50 nafarning taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda va qurbonlar soni yana ortishi mumkin.

Gayana shimoli-sharqiy Janubiy Amerikada joylashgan ingliz tilida so‘zlashuvchi davlat bo‘lib, neftga boy Essekibo hududi bo‘yicha qo‘shni Venesuela bilan hududiy bahs olib bormoqda.

Fojiadan keyin tergov davomida parom kapitani va ekipajning yana bir a’zosida marixuana iste’mol qilganlik alomatlari aniqlangan. Tirik qolgan kapitanning narkotik moddaga topshirgan testi musbat chiqqan.

VesselFinder ma’lumotlariga ko‘ra, MV Barima paromi 1939 yilda qurilgan. Mamlakat prezidenti Muhammad Irfaan Ali fojia sabablarini aniqlash uchun har tomonlama, xolis va mustaqil tergov o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Tirik qolgan yo‘lovchilardan biri News Source nashriga hodisa vaqtida qattiq shovqin eshitgani, shundan so‘ng kema ichiga suv kirib kela boshlagani va parom qisqa vaqt ichida yonboshlab cho‘ka boshlaganini aytgan.

Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida MV Barima dengiz tubidan, sohildan taxminan 15 kilometr uzoqlikda aniqlangan. Qutqaruvchilar bedarak yo‘lovchilarni izlash ishlarini davom ettirmoqda.