Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, 2007 yilda tug‘ilgan K.X. onasiga tegishli bo‘lgan Cobalt rusumli avtomashinada harakatlanib yurgan vaqtida o‘zini go‘yoki Qibray tumani prokuraturasi xodimi sifatida tanishtirib, soxta xizmat guvohnomasini ko‘rsatib yurgani haqida tezkor ma’lumot kelib tushgan.

12 iyul kuni Bosh prokuratura Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Ichki ishlar organlari yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan Qibray tumanida o‘tkazilgan reyd davomida mazkur avtomashina to‘xtatilgan.

Ma’lum qilinishicha, haydovchi YHXB xodimlari unga nisbatan qonuniy chora ko‘rmasligi uchun o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirib, soxta xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan.

Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Avtomashina ko‘zdan kechirilganda o‘rindiq ostidan «25 C 836 AA» davlat raqam belgisi topilgan. Hodisa joyiga chaqirilgan tezkor-tergov guruhi tomonidan fuqarodan soxta xizmat guvohnomasi va davlat raqam belgilari olib qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi ikkinchi qismi «b» bandi hamda 228-moddasi uchinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura fuqarolarni o‘zini davlat organlari xodimi sifatida tanishtirib, turli xizmatlar evaziga pul yoki boshqa manfaat talab qiluvchi shaxslarga ishonmaslikka chaqirdi. Bunday holatlarga duch kelinganda idoraning «1161» ishonch telefoni orqali xabar berish so‘ralgan.