Dilshod Tursunqulovich Ahmedov xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda Interpol saytida e’lon berildi.
Qayd etilishicha, 1972 yilda tug‘ilgan Dilshod Ahmedov Jinoyat kodeksining 167-moddasi bo‘yicha, ya’ni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatida gumonlanmoqda.

Hozircha O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan Dilshod Ahmedovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi va zarar miqdori bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmadi.
Dilshod Ahmedov 2021 yil yanvaridan «O‘zmetkombinat» raisining birinchi o‘rinbosari sifatida, 2024 yil yanvardan esa Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
U 2024 yil oktyabr oyida «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» AJga rahbar bo‘lgandi. 2025 yil avgust oyida bu lavozimdan olinib, uning o‘rniga Bahodir Abdullayev tayinlangandi.











