Yig‘ilishda qayd etilganidek, Farg‘ona viloyatida meva-sabzavot mahsulotlarini xom holda emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot sifatida sotish hisobiga eksportni oshirish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, saralash, qadoqlash, logistika va yetkazib berish zanjirini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Ma’lum qilingan rejaga ko‘ra, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 175 million dollar bo‘lgan agrologistika markazlari barpo etiladi. Ushbu loyihalar meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, tayyor mahsulot tayyorlash va tashqi bozorlarga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasida ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va qo‘shimcha qiymat yaratishga qaratilgan boshqa loyihalar ham muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida davlat rahbari har bir loyihani aholi daromadlarini oshirish va hudud iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish bilan uzviy bog‘lab amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.









