Majlisda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan — «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ayrim holatlarda o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvlar yoki harbiy harakatlarda qatnashishni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tarqatish, reklama qilish va namoyish etish holatlari kuzatilayotgani qayd etildi.

Qonun loyihasi bilan ana shunday mahsulotlarni tarqatish, reklama qilish va namoyish etish uchun ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda. Ushbu norma jamoat xavfsizligini ta’minlash, noqonuniy faoliyatni targ‘ib qilishning oldini olish hamda yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborotlarni cheklashga qaratilgani ta’kidlandi.

Muhokamalar jarayonida qonun loyihasida nazarda tutilgan normalar jamiyatda xavfsiz muhitni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.