AQSh Milliy meteorologiya xizmati (NWS)ga ko‘ra, mamlakat shimoli-sharqidagi hududlarda 24 soat ichida 30 santimetr (Pensilvaniya shtati Pitsburg shahrida esa 50 santimetr) yog‘in tushgan.

Kanzas, Arkanzas, Kentukki, Michigan, Ohayo, Janubiy Karolina, Nyu Jyersi, Massachusets, Missisipi, Pensilvaniya, Texas, Luiziana, Tennessi va Nyu York shtatlarida o‘lim holatlari qayd etilgan.

USA Today nashri ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning yoshi – 17 dan 96 gacha.

Sky News ekspertlarga tayanib, AQShda ushbu qishki bo‘ronning umumiy zarari va iqtisodiy yo‘qotishlari – dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 105-115 milliard dollarni tashkil etishini xabar qildi.

Sovuq, zulmat va o‘lim

Tribune News Service via Getty Images

PowerOutage.com sayti ma’lumotiga ko‘ra, seshanba kuni erta tongda yarim milliondan ortiq iste’molchi elektr ta’minotisiz edi. Bu borada eng jiddiy vaziyat Tennessi shtatida kuzatilmoqda, ushbu shtatning Neshvill shahrida eng past harorat qayd etilgan. Shahar aholisi vakillari tom ma’noda sovuq va qorong‘ilik ichida qolganini aytishgan.

«Hammayoqda yiqilgan daraxtlar va elektr uzatish liniyalari yo‘llarni to‘sib qo‘ygan», – deydi BBC nashriga uysizlar uchun boshpana taqdim etuvchi Nashville Rescue Mission markazi vitse-prezidenti Joy Flores. Uning so‘zlariga ko‘ra, markazga muntazam ravishda elektrsiz qolgan aholidan qo‘ng‘iroqlar bo‘lmoqda.

Foto: Andres Kudacki/Getty Images

Texas hukumati shtatning katta qismida xaos yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Frisko shahri politsiya boshqarmasiga ko‘ra, chanada uchish vaqtida yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida o‘smir qiz vafot etgan, yana birining ahvoli og‘ir.

Shimoliy Karolinaning Bankomb okrugida shosse yoqasidan erkak kishi jasadi topilgan. Rasmiylar ushbu o‘lim holati sovuq bilan bog‘liqligini tekshirmoqda.

Luiziana sog‘liqni saqlash departamenti ikki kishi muzlab qolish oqibatida halok bo‘lganini xabar qilgan.

Ayrimlar mavjud vaziyatda boshqalarning ko‘nglini xushnud qilishga urinmoqda.
Foto: Andres Kudacki/Getty Images

Nyu York shahri rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, qattiq sovuq boshlangan juma kunidan buyon sakkiz kishi muzlash oqibatida vafot etganini ma’lum qilgan.

Oldinroq meteorologlar qor bo‘ronlari Qo‘shma Shtatlardan chekina boshlashini taxmin qilayotgandi, ammo seshanba kuni prognoz o‘zgardi. Yaqin kunlar davomida markaziy va sharqiy hududlarda juda past harorat saqlanib qolishi kutilmoqda, dam olish kunlariga borib vaziyat yomonlashishi mumkin, mamlakat sharqiga yana bir kuchli bo‘ron yaqinlashmoqda.

Anomal qor bo‘ronlari Kanadani ham chetlab o‘tmadi
Anadolu via Getty Images

Kanadaning Ottava va Kvebek shaharlari ham bo‘rondan jabr ko‘rmoqda, bu hududlarda transport faoliyatida muammolar kuzatilmoqda, ko‘plab maktablar yopilgan.

Shuningdek, Ontario provinsiyasi janubida vaziyat jiddiy. Seshanba kuni Atlantika provinsiyalari (Nyu Bransuik, Yangi Shotlandiya, Shahzoda Eduard oroli, Nyufaundlend va Labrador) hududlarida qor bo‘ronlari davom etayotgandi.