Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur yuk Sichuan provinsiyasi tomonidan 2026 yilda eksportga yo‘naltirilgan choyning birinchi partiyasidir.

Qayd etilishicha, yuk mashinalari Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanidagi nazorat-o‘tkazish punkti orqali davlat chegarasini kesib o‘tadi. Shundan so‘ng Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib, Toshkentga yetib kelishi rejalashtirilgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Tszyatszyan hududida choy sanoati ishlab chiqarish tuzilmasi eksportga yo‘naltirilgan tarzda qayta shakllantirilmoqda. 2025 yilda mazkur uyezddan eksportga yetkazib berilgan choyning umumiy hajmi qiymat jihatidan taxminan 29 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Shuningdek, Tszyatszyan uyezdi Sichuan provinsiyasi uchun O‘zbekistondagi birinchi chet el choy omborini tashkil etgani va yetkazib berish geografiyasi dunyoning 20 ga yaqin mamlakat va mintaqalarini — jumladan, Rossiya, Marokash hamda boshqa davlatlarni qamrab olgani ma’lum qilindi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Xitoy bilan tashqi savdo aylanmasi 17,2 milliard dollardan oshgan, Xitoyning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi esa 21,2 foizni tashkil etgan.