Samarqandda shifokorlar bemor qornidan 200 gramm mix va samorez olib tashladi. Bu haqda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 29 yoshli A.Ye. shifoxonaga qornida kuchli og‘riq bilan keltirilgan. Shoshilinch qabul bo‘limida o‘tkazilgan diagnostika va laboratoriya tahlillariga ko‘ra bemorning me’da ichak tizimida katta miqdorda yot jismlar, mix va samorez borligi aniqlangan.
Bemorga shoshilinch ravishda laparatomiya, gastrostamiya usulida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, qorin bo‘shlig‘idan 200 gramm atrofida mix va samorez olib tashlangan. Jarrohlik amaliyoti bir soat davom etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak temir jismlarni qattiq stressga tushib, o‘z xatti-harakatlarini nazorat qila olmagan holda yutib yuborgan.
Hozirgi vaqtda bemorning ahvoli qoniqarli ekani, u erkin harakatlanayotgani bildirilgan.











