Ma’lum qilinishicha, asosiy xorijiy sheriklar hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Iordaniya, Kuvayt, Ummon, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlar bilan ko‘p qirrali hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish bundan keyin ham e’tibor markazida bo‘ladi.

Shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan yangi va istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash, Janubiy Kavkaz hamda Janubiy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni kengaytirish strategik yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.

Prezident anjumanda ishtirok etgan xorijiy davlatlar elchilariga murojaat qilib, O‘zbekiston bilan aloqalarni kengaytirish hamda mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlayotgani uchun ularning hukumatlariga alohida tashakkur bildirdi.