Sochi shahrining Alpiyskaya ko‘chasida joylashgan besh qavatli uyning mansarda qismida 31 oktabr kuni yong‘in chiqdi.

Yong‘in vaqtida yosh bolasi bilan xonada qolib ketgan ayol derazadan chiqib yordam so‘ragan. Shu vaqtda o‘zbekistonlik haydovchi Sherzod Namozov mashinasida hodisa joyiga mijozini olib kelib tushiradi. Ayolning baqirayotganini eshitgan Sherzod darhol yordam shoshiladi. Bu vaqtda ayol bolasi bilan konditsionerning tashqi bloki ustida jon saqlagan. Sherzod pastki qavatdagi xonadon oynasidan chiqib, dastlab bolani qutqaradi. So‘ngra narvon qo‘yib, ayolni ham qutqarib oladi.

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, Sherzod Namozov Surxondaryo viloyati Termiz tumani Uchqizil mahallasidan. U ro‘zg‘or tebrataman deb Rossiyada taksi haydamoqda.

“Yordamga muhtoj insonni ko‘rgan odam unga yordam berishga shoshilishi tabiiy. Men faqat insoniylik burchimni bajardim”, — dedi Sherzod Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi bildirishicha, yong‘in taxminan 600 kvadrat metr maydonni qamrab olgan. Hodisa oqibatida jami uch kishi qutqarilgan, bir necha kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Publikatsiya ot Kun.uz (@kun.uz)