Yig‘ilishda geologiya tizimini zamonaviy ilmiy va texnologik asosda rivojlantirish, qazilma boyliklar bo‘yicha resurs bazasini kengaytirish hamda mineral xomashyoni chuqur qayta ishlashni ta’minlash dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi.
Dunyo tajribasi geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazish murakkab bo‘lgan hududlarda ham sun’iy intellekt yordamida yangi konlarni aniqlash mumkinligini ko‘rsatayapti. Bu borada regional tadqiqotlarni kengaytirish va zamonaviy geofizik usullardan foydalanish qo‘l keladi.
Shu maqsadda mutasaddilar xalqaro hamkorlar, shu jumladan kon-geologiya sohasida dunyoda ilg‘or bo‘lgan AQSh Kolorado konchilik maktabi bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlanmalarni birlashtiruvchi zamonaviy Kompetensiyalar markazini tashkil etish loyihasi to‘g‘risida axborot berdi.

Markazning asosiy vazifalari qidiruv ishlariga raqamli yechimlar, sun’iy intellekt va aero-geofizik texnologiyalarni joriy etishdan iborat bo‘ladi. Ilg‘or xorijiy tajribaga asoslanib, ma’lumotlarni raqamli shaklda tahlil qilish, geokimyoviy va kosmogeologik tadqiqotlar natijalarini integratsiyalash hamda istiqbolli konlarni aniqlashni tezlashtirishga xizmat qiladi.
Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, tarmoqda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish orqali istiqbolli maydonlarni aniqlash va o‘zlashtirishni tashkil etish yuzasidan qator topshiriqlar berdi.











