AQSh hukumati Xitoy huquq-tartibot idoralari tomonidan Pekindagi eng yirik xristian diniy jamoalaridan biri bo‘lgan "Sion" protestant cherkovining «o‘nlab yetakchilari»ning qo‘lga olinishini qoraladi. Marko Rubio boshchiligidagi AQSh Davlat departamenti veb-saytiga ko‘ra, ushlanganlar orasida pastor Tszin «Ezra» Mingri ham bor.

«Ushbu ta’qiblar Xitoy Kommunistik partiyasining o‘z e’tiqodlariga partiya aralashuvini rad etib, ro‘yxatdan o‘tmagan uy cherkovlarida ibodat qilishni tanlagan nasroniylarga nisbatan dushmanligini yana bir bor namoyish etadi», deyiladi idora bayonotida.

Davlat departamenti Xitoy hukumatini qo‘lga olinganlarni «zudlik bilan ozod qilishga» va «barcha dindorlarga, shu jumladan uy cherkovlari a’zolariga qasos olinishidan qo‘rqmasdan diniy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat berishga» chaqirdi.

Tszin Mengri — Rossiya bilan chegaradosh Xeylunszyan provinsiyasida tug‘ilgan etnik koreys. U 2007 yilda cherkovga asos solgan va shu vaqtdan beri uning a’zolari soni 1000 dan oshdi.

"Sion" hatto Pekindagi eng katta cherkov hisoblangan, biroq 2018 yilda Xitoy hukumati cherkovni yopdi va Mengriga Xitoydan chiqib ketish taqiqlandi. O‘shandan beri cherkov yashirin tarzda ishladi, ya’ni u rasmiylar tomonidan ro‘yxatdan o‘tmagan. Ayni paytda pastorning o‘zi olti yildan ortiq vaqt davomida AQSh fuqarolari bo‘lgan farzandlarini ko‘ra olmayapti.