“Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan e’tiboran:
- xodimlari 50 nafargacha bo‘lgan xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga yagona milliy mehnat tizimi (YaMMT)da biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) orqali elektron mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishni rasmiylashtirishga ruxsat beriladi;
- davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar haqida vakolatli organni oldindan xabardor qilish tartibi bekor qilinadi;
- “Xavfni tahlil etish” tizimining tahlil natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorni xabardor qilish tartibi davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarga tatbiq etilmaydi.
2026 yil 1 yanvardan e’tiboran, YaMMT orqali qayd etilgan mehnat qonunchiligi buzilishini ish beruvchi ishtirokisiz ko‘rib chiqish va qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha elektron ma’muriy qaror qabul qilish tizimi joriy etiladi.











