Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi Federal xavfsizlik xizmati (FSB) tizimida tergov hibsxonalari (SIZO)ni qayta tashkil etish to‘g‘risidagi federal qonunni yakuniy o‘qishda qabul qildi. Bu haqda 8 iyul, seshanba kuni Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi Vasiliy Piskarev Telegramʼda ma’lum qildi.
Qonunga ko‘ra, «davlat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar»da ayblanganlar FSB yurisdiksiyasidagi tergov hibsxonalarida saqlanadi.
Piskarevning so‘zlariga ko‘ra, shu tariqa tergov qilinayotgan «ayg‘oqchilar va terrorchilar» boshqa ayblanuvchilar bilan muloqot qilishdan, shuningdek, «xorijiy razvedka idoralari va terrorchi tashkilotlar»ning ular bilan aloqa o‘rnatishga urinishlaridan «himoya qilinadi».
Rossiyada 10 yil ichida — 2015 yildan 2024 yilgacha — davlatga xiyonat, josuslik, terrorizm va ekstremizmga oid moddalar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishlar soni uch barobarga oshdi. Bunday ishlar bo‘yicha hibsda saqlanayotgan gumonlanuvchilar va sudlanuvchilar soni to‘rt barobarga ko‘paydi, dedi Piskarev.
FSBga yettita tergov hibsxonasi qaytarilishi kutilmoqda: Moskvada ikkita va Sankt-Peterburg, Rostov-Don, Krasnodar, Vladikavkaz va Chelyabinskda bittadan.











