Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumani hokimi Jahongir Rizzayev 6 fevral kuni vazifasidan ozod etilgan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajarish uning birinchi o‘rinbosari Boburmirza To‘lamirzayev zimmasiga yuklatilgan.

E-qaror platformasida ham tuman hokimligining rasmiy hujjatlarini 6 fevralgacha Jahongir Rizzayev, undan keyin Boburmirza To‘lamirzayev imzolaganini ko‘rish mumkin.    

Jahongir Rizzayev 1986 yil 5 dekabr kuni Chortoq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2008 yili Namangan muhandislik pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi muhandis-energetik.

U 2021 yilning dekabr oyidan buyon Uchqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi. Bungacha «Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJning bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

  • 18 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024 yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgandi. Yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripovga sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda o‘sish bo‘lmagan 7 ta hudud, jumladan, Uchqo‘rg‘on tumani hokimining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirilgandi.