Toshkent shahar Yashnobod tumanida ikki avtobus haydovchisi poyga o‘ynagani aytilgan xabarlar tarqaldi.  «Toshshahartransxizmat» mazkur xabar yuzasidan ma’lumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, holat 7 fevral kuni soat 11:00 larda ro‘y bergan. Unda «1-Avtobus saroyi» filiali tasarrufidagi 28-sonli avtobus haydovchisi X.A. avtobusni Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasi bo‘ylab boshqarib kelib, «Uspenskiy nomidagi musiqa maktabi» bekatiga to‘xtatgan.

U shu bekatda to‘xtab yo‘lovchi tushirayotgan «5-avtobus saroyi» filiali tasarrufidagi 44-sonli avtobus bilan yonlama oraliq masofani saqlamagan. Oqibatida 28-sonli avtobusning o‘rta eshik qismi hamda 44-sonli avtobusning chap tomon orqani ko‘rish oynasining korpus qismi bilan bir-biriga tegib qirilgan. Sodir etilgan to‘qnashuvda hech kim tan jarohati olmagan.

Yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.