2022 yilning 14-29 dekabr kunlari jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan Axborot kodeksi loyihasi yuzasidan jurnalist va blogerlar, faollar tomonidan 80 ga yaqin taklif va mulohazalar bildirildi. AOKAning bildirishicha, mazkur taklif va e’tirozlarning har biri o‘rganilgan holda loyihaning tegishli joylari qayta ishlanadi va Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun qayta kiritiladi.
Shuningdek, 2023 yil mart-aprel oylariga qadar Adliya vazirligidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan hamda kelishilgan loyiha matni YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda OAV masalalari bo‘yicha vakili kabi xalqaro ekspertlarga o‘rganish uchun yetkaziladi.
May-iyun oylarida xalqaro tashkilotlarning takliflari asosida tayyorlangan kodeks loyihasi OAV vakillari va jurnalistlar ishtirokida davra suhbatida shaklida muhokama o‘tkaziladi.
AOKAning qo‘shimcha qilishicha, Axborot kodeksi loyihasi Oliy Majlisga kiritilgach, Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilinsa, loyiha matni quyi palataning rasmiy saytida e’lon qilinishi kerak. Bunday tartib «Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Reglamenti to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasida hamda Quyi palata reglamentining 142-moddalarida mustahkamlangan.
Ma’lumot uchun, muhokamaga chiqarilgan Axborot kodeksi 131 moddadan iborat bo‘lib, sohaga doir 8 ta qonunni unifikatsiya qiladi. Hujjat – O‘zbekistonda axborotdan foydalanish, uni erkin va moneliksiz izlash, olish hamda tarqatishga doir jarayonlarni tartibga solishni maqsad qilgan.
Muhokamaga qo‘yilgan Axborot kodeksi loyihasida senzura qilish, axborotni yashirish va OAVni jazolash uchun «lazeykalar» bor. Shuningdek, jurnalistlarning nafaqat parlament, balki hukumat yig‘ilishlariga ham erkin kirishi, OAVning dronlardan foydalanishiga ruxsat berilishi kabi yangiliklar ham yo‘q emas. Kun.uz ushbu hujjat loyihasining eng muhim nuqtalariga e’tibor qaratib, o‘z takliflarini bergan edi.








