Qonun loyihasi mazmuni quyidagilardan iborat:

“Davlat boji to‘g‘risida” qonun ilovasi “Davlat boji stavkalari miqdorlari” 33-bandi yo‘ldosh aloqa tarmoqlarini loyihalash, qurish, foydalanish va xizmatlarini ko‘rsatish bilan to‘ldirilmoqda va ushbu faoliyat uchun davlat boji miqdorlari belgilanmoqda, jumladan:

  • trankli, radiotelefon, yo‘ldosh aloqa tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularga xizmatlar ko‘rsatish – BHM 135 baravari;
  • trankli, radiotelefon, yo‘ldosh aloqa tarmoqlarini loyihalashtirish – BHM 10 baravari;
  • trankli, radiotelefon, yo‘ldosh aloqa tarmoqlarini qurish faoliyatini amalga oshirish – BHM 20 baravari;
  • trankli, radiotelefon, yo‘ldosh aloqa tarmoqlaridan foydalanish – BHM 30 baravari;
  • trankli, radiotelefon, yo‘ldosh aloqa tarmoqlariga xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish – BHM 80 baravari.

“Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida” qonun 1-ilova 32-pozitsiyasi 9-, 10-, 11-, 12-satrlari yo‘ldosh aloqa tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, foydalanish va xizmatlarini ko‘rsatish bilan to‘ldirilmoqda, jumladan:

  • ko‘chma radiotelefon (radiotelefon, trankli, yo‘ldosh) aloqa tarmoqlarini loyihalashtirish;
  • ko‘chma radiotelefon (radiotelefon, trankli, yo‘ldosh) aloqa tarmoqlarini qurish;
  • ko‘chma radiotelefon (radiotelefon, trankli, yo‘ldosh) aloqa tarmoqlaridan foydalanish;
  • ko‘chma radiotelefon (radiotelefon, trankli, yo‘ldosh) aloqa tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatish.

Qonun loyihasi qabul qilinishi orqali quyidagi asosiy maqsadlarga erishiladi:

  • O‘zbekiston hududida zamonaviy yo‘ldosh aloqa tizimlaridan foydalanish uchun ruxsat berish tartibi belgilanadi;
  • respublika hududiga yo‘ldosh aloqa tizimlari uskuna va terminallari qonuniy asosda olib kirish va foydalanishga imkoniyat yaratiladi;
  • yo‘ldosh aloqa tizimlarini qonuniy asosda tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlariga ulanish masalalari huquqiy yechimini topadi;
  • respublikada global ko‘chma yo‘ldosh aloqa tarmoqlari xizmatlaridan (Starlink, Globalstar, OneWeb, Thuraya, Iridium, Inmarsat va boshqalar) qonuniy asosda, xavfsizlik talablarini bajargan holda foydalanish imkoniyatlari yaratiladi hamda ulardan noqonuniy foydalanishga ehtiyoj qolmaydi;
  • yo‘ldosh aloqa tizimlaridan uzoq va borish qiyin aholi maskanlarida, aholi yashamaydigan, chegara oldi hududlarda, favqulodda holatlarda foydalanishga shart-sharoitlar yaratiladi.