Nukus, Buxoro, Jizzax va Namangan shaharlarida Toshkentda barpo etilgan Inno innovatsion texnoparki shaklidagi zamonaviy infratuzilmaga ega texnoparklarni qurish nazarda tutilgan.
Quyidagilar tashkil etiladi: Toshkentda – Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi tuzilmasida «Ilg‘or loyihalar va injiniring markazi»; Surxondaryo viloyatida – respublika darajasidagi masalalarni hal qilish vakolatiga ega «Investorlarga ko‘mak markazi».
Hududiy texnoparklar direksiyalari va ularning rezidentlariga Inno innovatsion texnoparkiga berilgan imtiyozlar va preferensiyalar tatbiq etiladi.
Innovatsion texnoparklar asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
- iqtidorli yoshlarni, talabalar, ilmiy xodimlar, professor-o‘qituvchilar tahliliy fikrlashi uchun zarur sharoitlar yaratish;
- yoshlarni innovatsion tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, biznes-inkubatorlar va tajriba maydonchalari ishini tashkil etish, ularga moliyaviy, marketing, yuridik va konsalting xizmatlari ko‘rsatish orqali ko‘maklashish;
- tashabbuskor yoshlar tomonidan taklif qilingan startap loyihalarni rivojlantirish uchun yagona maydon tashkil etish;
- startap loyihalarni amalga oshirishda ularni qisman moliyalashtirish asosida qo‘llab-quvvatlash va muassislar tarkibiga kirish.
Hujjat bilan Inno innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unda quyidagilar belgilangan: texnopark boshqaruv kompaniyasi huquq va majburiyatlari; startap loyihalarni ko‘rib chiqish va tanlab olish tartibi; startap loyihalar inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish tartibi; yuridik shaxslarni texnopark rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish va ro‘yxatdan chiqarish tartibi.











