Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va EPIS o‘rtasida yangi loyihani boshlash bo‘yicha kelishuv imzolandi. Yil bo‘yi qulupnay yetishtirish bo‘yicha zamonaviy Koreya texnologiyalarini joriy etish loyihasi Koreya hukumatining rivojlanish bo‘yicha rasmiy ko‘magi yo‘nalishida taqdim etiladigan grant mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi. 3,7 mln dollar qiymatidagi loyiha 2026 yil dekabr oyiga qadar amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agroxizmatlar markazi (Yuqori Chirchiq tumani) hududida quyosh batareyalarida ishlaydigan qulupnay yetishtiruvchi zamonaviy issiqxona quriladi. Koreyalik mutaxassislar tomonidan ko‘chatlar uchun issiqxona hamda yuqori sifatli qulupnay ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha laboratoriya qurilib, jihozlanadi.
Loyiha davomida qulupnay yetishtirish bo‘yicha mutaxassislarning har yili o‘zaro tashriflari tashkil etilib, tajriba almashish va malaka oshirish ko‘zda tutilgan. Loyiha o‘zbek qulupnay mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda brendingi va marketingiga ko‘maklashadi.











