Uchrashuvda Yaponiyadan sayyohlar oqimini qayta tiklash va O‘zbekistonga charter havo qatnovlarini tashkil qilish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Muzokaralar avvalida mamlakatda turizmni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, chet ellik sayyohlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, xorijlik sayohat ishqibozlarining mamlakat bo‘ylab xavfsiz sayohat qilishi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilgani haqidagi ma’lumotlar yapon tomoniga taqdim etildi.

JATA rahbari O‘zbekiston tomonining diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgani 30 yilligi doirasida joriy yili charter havo qatnovlarini amalga oshirish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Pandemiyaga qadar O‘zbekistonga yapon sayyohlari oqimi salmoqli darajada ortgani ijobiy tamoyili e’tirof etilib, Yaponiya jamoatchiligi O‘zbekistonga qiziqishi katta ekani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida yapon tomoni bilan joriy yil oktyabrida O‘zbekistonga JATA delegatsiyasi tashrifini uyushtirish va Toshkent - Tokio - Toshkent yo‘nalishida avgust-oktabr oylarida charter havo qatnovlarini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.