Aytish joizki, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasidagi “Dolzarb 40 kunlik”da faol ishtirok etish bo‘yicha Xalq demokratik partiyasi alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, shunga muvofiq butun respublika hududi bo‘ylab amaliy ishlar olib borilmoqda.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, partiyaning faollari, 10 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlari, 1600 nafardan ko‘proq deputatlari ko‘chat o‘tqazish ishlarida faollik ko‘rsatishmoqda, ijtimoiy soha obektlari, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar istiqomat qiladigan hovli-joylar, mahalliy hokimliklar va mutasaddi tashkilotlar tomonidan ajratilgan maxsus maydonlarga manzarali, iqlim sharoitiga tez moslashadigan daraxt va buta ko‘chatlari ekilmoqda. Bu borada“Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish, shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash,hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida “Men ham ko‘chat ekaman”, “Har bir yoshga o‘n ko‘chat”, “Mahallamizni bog‘ qilaylik”, “Mendan mahallamiz bog‘iga ming ko‘chat”, “Yaxshidan bog‘ qolur”, “Deputat bog‘i”, “Yoshlar bog‘i”kabi amaliy aksiya va loyihalarning ahamiyati katta bo‘lmoqda.
Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Orolbo‘yi hududida “Mo‘ynoq” ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasida amalga oshirilayotgan “Oroldagi bog‘im” maydonchasiga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining mahalliy budjet parametrlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga mablag‘ ajratish, ushbu mablag‘lardan to‘g‘ri va oqilona foydalanish, istirohat bog‘lari, mavzuli xiyobonlar, sayilgohlar, yashil maydonlar va xiyobonlarning namunali saqlanishini ta’minlash, hududlarda yangi jamoat istirohat bog‘i va kichik yashil istirohat bog‘larni tashkil qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash borasida jamoatchilik va deputatlik nazoratini olib bormoqda. Bu borada joylarda ijtimoiy hamkor tashkilotlar bilan birga rang-barang aksiyalar o‘tkazilib, keng jamoatchilik, elektorat vakillari o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish ishlari ham faol olib borilmoqda.
Maqsad tabiatda yashillikni ko‘paytirish, ob-havoning tozaligi, iqlim mo‘’tadilligini saqlash, bog‘dorchilik mahsulotlarining mo‘lligini ta’minlashga hissa qo‘shishdir.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Ⓣ










