Italiya: Shomurodovda assist, «Roma» A Seriyada 1-o‘ringa ko‘tarildi
Italiya chempionati 3-turida «Roma» o‘z maydonida «Sassuolo»ni qabul qilib, qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alabani ilib ketdi.
Birinchi bo‘limda Kristante hisobni ochdi, ikkinchi bo‘lim boshida Jurichich muvozanatni tikladi. 74-daqiqada Dzanolo o‘rniga zaxiradan maydonga tushgan Shomurodov 90+1-daqiqada jarima maydoni ichida El-Shaaravini to‘p bilan ta'minladi, Stefan esa supergol urib, rimliklarga muhim 3 ochkoni keltirdi.
Natijada, «Roma» ochkolarini 9taga yetkazib, to‘plar nisbatiga ko‘ra A Seriyada peshqadam bo‘lib oldi. Rimliklar navbatdagi o‘yinda payshanba kuni Yevropa Konferensiyalar ligasi 1-turi doirasida Bolgariyaning TsSKA klubiga qarshi maydonga tushishadi.
Moldova: Yaxshiboyev debyutida gol va assistga mualliflik qildi
Moldova milliy divizioni 9-turi doirasida «Sherif» o‘z maydonida «Petroklub» jamoasini qabul qilib, 2:0 hisobida zafar quchdi.

Shu kuni Tiraspol klubi safida Jasur Yaxshiboyev o‘z debyutini o‘tkazdi. O‘zbekistonlik 24 yoshli hujumkor yarimhimoyachi zaxiradan maydonga tushib, 71-daqiqada golga assistentlik qilgan bo‘lsa, 77-daqiqada yangi klubidagi ilk golini kiritdi.
«Sherif» navbatdagi o‘yinni Yevropa Chempionlar ligasi 1-turi doirasida o‘z maydonida «Shaxtyor»ga qarshi o‘tkazadi. Bahs chorshanba kuni soat 21:45da boshlanadi.
Rossiya: Ibrohimxalil Yo‘ldoshev to‘p surgan o‘yinda klubi kambek uyushtirdi
Rossiya Premer-ligasi 7-turi doirasida Ibrohimxalil Yo‘ldoshev to‘p surayotgan «Nijniy Novgord» klubi irodali g‘alabaga erishdi.

Kerjakov shogirdlari Moskvaga safar uyushtirib, mag‘lubiyatga uchrayotganiga qaramay, kambek qayd etdi – 1:2. O‘zbekistonlik himoyachi shu kuni 73 daqiqa to‘p surdi. Debyutant jamoa 7-turdan keyin 11 ochko bilan turnir jadvalida 6-o‘ringa ko‘tarildi.
Oston O‘runov qaydnomada ham yo‘q
RPLdagi yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Oston O‘runov bu safar «Ufa» klubining qaydnomasidan joy olmadi. Boshqirtiston klubi Sochiga safar uyushtirib, 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. «Ufa» 5 ochko bilan 13-o‘rinda bormoqda.
Qozog‘iston: Igor Sergeyev va «Tobol» - peshqadam
Qozog‘iston chempionatida to‘p surayotgan O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev ushbu turda jamoasi bilan zafar quchdi.
20-turda «Tobol» safida «Kaspiy» klubiga qarshi 46-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Igor Sergeyev va uning jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, 20 o‘yindan keyin 45 ochko bilan turnir jadvali peshqadamiga aylanib oldi.
Belarus: Umarov va Abduxoliqov zaxiradan maydonga tushdi
Belarus Oliy Ligasi 22-turi doirasida o‘zbekistonlik futbolchilar jamoalari safida maydonga tushishdi.
BATE safarda «Smorgon» klubini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu bahsda borisovliklar safida Shahboz Umarov 70-daqiqada maydonga tushdi.
«Energetik» esa o‘z maydonida Minskning «Dinamo» klubiga yutqazib qo‘ydi. Shu kuni mezbonlar safida Mamadu Diallo o‘rniga 32-daqiqada maydonga tushgan Bobur Abduxoliqov bu safar ham jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qololmadi – 0:1.
Umarov to‘p surayotgan BATE 48 ochko bilan Belarus Oliy ligasida 1-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, Bobur Abduxoliqov va Shahzodbek Ubaydullayev to‘p surayotgan «Energetik-BGU» 24 ochko bilan 12-o‘rindan joy olgan.
Janubiy Koreya: Iskanderov zaxiradan maydonga tushdi, Ashurmatov yo‘q
Janubiy Koreya K-ligasida 29-tur yakunlandi. Hamyurtimiz Jamshid Iskanderov to‘p tepayotgan «Syonnam» o‘z maydonida «Seul»ni qabul qildi.
1:1 hisobida yakunlangan uchrashuvning 66-daqiqasida O‘zbekiston milliy jamoasi a'zosi zaxiradan maydonga tushdi.
Yana bir bahs «Suvon» va «Kanvon» o‘rtasida o‘tib, unda mezbonlar 1:0 hisobida zafar quchishdi. Shu kuni mehmonlar safida Rustam Ashurmatov qaydnomaga kiritilgan bo‘lsa-da, o‘yinga tushirilmadi. «Syonnam» turnir jadvalida 28 o‘yindan keyin 28 ochko bilan 10-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, «Kanvon» 25 o‘yindan keyin 27 ochko bilan 12 klub orasida 11-o‘rinni egallab turibdi.
Kuvayt: Sardor Rashidovning debyuti omadli chiqdi
Yozda «Kuvayt SK» klubi a'zosiga aylangan Sardor Rashidov dam olish kuni yangi jamoasidagi debyutini o‘tkazdi.

Kuvayt Amir kubogi nimchorakfinali doirasida «Kuvayt SK» «As-Saxel» klubiga qarshi saf tortib, 1:0 hisobida zafar quchdi va 1/4 finalga yo‘llanma oldi.
Shu kuni mezbonlar safida asosiy tarkibda maydonga tushgan Sardor Rashidov 80-daqiqagacha to‘p surdi.
OFK Kubogi g‘olibligi uchun kurash olib borayotgan «Kuvayt SK» 21 sentabr kuni yarimfinal doirasida Iordaniyaning «As-Salt» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
BAA: Shukurovda 90 daqiqa, «Sharja»dan kambek. Navbat OChL o‘yiniga
BAA Pro ligasi 3-turi doirasida o‘zbekistonlik yarimhimoyachi Otabek Shukurov to‘p surayotgan «Sharja» jamoasi «Al Vasl» ustidan qiyin g‘alabaga erishdi. O‘yin davomida 1:2 hisobida yutqazayotgan sharjaliklar kamchilikda bo‘lishlariga qaramay, o‘yin oxiriga qadar hisobni 3:2ga o‘zgartirishdi. Shu kuni Shukurov 90 daqiqa to‘p surib, jamoasining faol o‘yinchilaridan biri bo‘ldi. Klub 3 turda 9 ochko jamg‘arib 2-o‘rinda bormoqda.

Otabek Shukurov va «Sharja» chorshanba kuni OChL nimchorakfinali doirasida «Al Vahda»ga qarshi maydonga tushadi.
Ushbu turnirdagi yana bir vakilimiz Jaloliddin Masharipov to‘p surayotgan Saudiya Arabistonining «An-Nassr» klubi esa seshanba kuni Qatarda Eronning «Traktorsozi» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.











