Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘rinbosarlarining faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash tartibi joriy etiladi. Chora-tadbirlar Prezidentning 24.08.2021 yildagi «Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari o‘rinbosarlarining ularga yuklangan vazifalarni bajarishda shaxsiy mas'uliyatini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-5230-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mahalliy ijroiya hokimiyati rahbarlari o‘rinbosarlarining funksional vazifalari hamda faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi namunaviy nizomlar tasdiqlandi:
- mahalliy ijroiya hokimiyati rahbarlari o‘rinbosarlarining asosiy vazifalari va funksiyalari;
- huquqlari, shaxsiy mas'uliyati va javobgarligi;
- faoliyatini tashkil etish va uni baholash;
- eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari.
Namunaviy nizomlarga asosan viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlariga:
2021 yil 10 sentyabrga qadar har bir hokim o‘rinbosarining funksional vazifalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash;
2021 yil 1 oktyabrga qadar hokimning maslahatchilari, mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi, tumanlar (shaharlar) hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlarining funksional vazifalari to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqish topshirildi.











