Devid Steynman esa AQSh Milliy xavfsizlik kengashi maslahatchisi hamda 27 yil davomida Efiopiya demokratik harakatining yetakchi xorijiy maslahatchisi bo‘lgan. Uning ta'kidlashicha, Gebreyyesus Efiopiya tashqi ishlar vazirligida ishlaganda mamlakatning xavfsizlik kuchlari harakatlari bo‘yicha qarorlar qabul qilish uning zimmasida bo‘lgan. Bu harakatlar esa “qotilliklar, asossiz hibsga olishlar va efiopiyaliklarni azoblashni” o‘z ichiga olgan.

Steynmanning ta'kidlashicha, Gebreyyesus “muxolifat nomzodlari va tarafdorlarini qo‘rqitish”ga aloqador. Bundan tashqari, JSSTning amaldagi rahbari “amxara, konso, oromo va somali elatlarini to‘liq yoki qisman yo‘q qilish maqsadida ushbu elatlar vakillarini o‘ldirish, ularga og‘ir tan jarohatlari yetkazish”ni nazorat qilgan. Steynmanning aytishicha, Gebreyyesus Efiopiya tashqi ishlar vazirligiga rahbarlik qilgan yillarda mamlakatdagi tuzum “uning qo‘l ostidagilar tomonidan insoniylikka qarshi sodir etilgan katta ko‘lamli va tizimli jinoyatlar” bilan ta'riflangan.  

Bu orada joriy noyabrda Efiopiya armiyasi shtab boshlig‘i general Berxanu Jula JSST rahbarini noyabrda qurolli mojaro avj olgan Tigray viloyatiga qurol yetkazishga urinishda ayblagan va uni o‘z lavozimidan ketishga chaqirgan. O‘shanda Gebreyyesus ayblovlarni rad etgan va “bu ixtilofda hech kimning tomonida emasligini” aytgan. “Bu yolg‘on va shuni aytmoqchimanki, men tinchlik tomonidaman”, deb aytgan JSST rahbari.