Qayd etilishicha, mashinasozlik sohasida xalqaro konsalting kompaniyalarni jalb qilgan holda, avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish Strategiyasini ishlab chiqish mo‘ljallangan.

Avtomobilsozlik sanoatida jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilari (Yaponiya va Janubiy Koreya) tajribalaridan kelib chiqib, har 5 yilda ishlab chiqarilayotgan avtomobil turlarini yangilash ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, avtomobilsozlik sanoatida mahalliy sanoat korxonalari tomonidan ishlatiladigan xomashyolar asosiy turlarini mahalliylashtirish (po‘lat, yassi shisha, kauchuk) hamda avtomobilsozlik sanoatida yuqori texnologik ehtiyot qismlarini (shassi, transmissiya, rul boshqaruvi) mahalliylashtirishni asosiy yo‘nalish etib belgilash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, texnologik uskunalarni (shtamplash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish liniyalari texnologiyalari) ishlab chiqish va rivojlantirish, sohaning muhandislik salohiyatini rivojlantirish (ikkilamchi bozor uchun butlovchi qism, aksessuarlar ishlab chiqarish va tyuning) hamda milliy brend ostida standartlashtirilgan traktor modellarini ommaviy ishlab chiqarish kutilyapti.