U Kun.uz muxbirining savoliga javob berar ekan, “dezinfeksion vositalarning samaradorligini muhokama qilishga hech kimning haqi yo‘q”ligini ta'kidlagan. 

“Dezinfeksiya qilish choralari foyda beradimi? Chunki, qator xorijiy ekspertlar bunday choralar samarasiz ekanini ta'kidlashmoqda”, - deya savol bilan murojaat qilgan jurnalist. 

“Dezinfeksion vositalarning samaradorligini muhokama qilishga hech kimning haqi yo‘q. Albatta, O‘zbekiston ob-havosi va iqlimini biz dezinfeksiya qila olmaymiz. 

Lekin ochiq joylar, bozorlar, yo‘laklar dezinfeksiya qilinishidan maqsad, odamlar u yerga tuflagani, kasallik qo‘zg‘atuvchilarning tushgani yoki odamlarning qo‘li bilan ushlagani yoki yurgani e'tiboridan dezinfeksiya qilinmoqda. 

Umuman, dezinfeksion vositalarni ishlatishdan asosiy maqsad kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlarni yo‘q qilish. Amaliyotda uchta usul bor: dezinfeksiya – kasallik qo‘zg‘atuvchi viruslar, bakteriyalar va zamburug‘larga qarshi ishlov berish. Dezinseksiya – bo‘g‘imoyoqlilarga qarshi ishlov berish. Derotizatsiya – kemiruvchilarga qarshi ishlov berish. Bu amaliyot, albatta, qo‘llanilishi kerak. 

Hozirgi kunda O‘zbekistonda ko‘plab kasalliklar bo‘yicha keskin kamayish holatlarini ko‘rayapmiz. Qator respirator kasalliklar, virusli gepatit-A turi, oshqozon-ichak kasalliklari keskin kamayib ketdi. Bularning barchasining tag zamirida o‘sha dezinfeksion ishlar samarasi yotibdi. Bularsiz hozirgidek barqaror muhitga aylana olmasdik.

Shu nuqtainazardan, o‘ylaymanki, dezinfeksion tadbirlar bundan keyin ham davom ettiriladi”,- deya javob bergan Nurmat Otabekov.