2020 yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, tadbirkorlik sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlik asoslarini qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Bunda, Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan:
- bojxona sohasidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatini birinchi marta sodir etgan va tovar uchun to‘lovni ixtiyoriy ravishda to‘lagan hamda bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi joriy etilishi;
- tadbirkorlik sub'yekti hisoblangan yuridik shaxslarning tashkiliy-huquqiy shakliga asoslanib jinoiy uyushma sifatida e'tirof etishni taqiqlovchi mexanizmlari joriy etilishi;
- tadbirkorlik sohasidagi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan ayrim jinoyat turlari dekriminalizatsiya qilinishi (soxta tadbirkorlik, raqobatchini obro‘sizlantirish va boshqalar) mumkin.
Davlat dasturi loyihasida ushbu qonun loyihasi joriy yilning 1 apreliga qadar ishlab chiqilishi lozimligi ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2020 yil davomida Jinoyat kodeksining yangi tahriri ishlab chiqilishi ma'lum bo‘lgandi.











