Jahon Bankining raqamli boshqaruv bo‘yicha bosh konsultanti Vlad Manoil O‘zbekistonda ochiq ma'lumotlar bo‘yicha fikr bildirdi.

«O‘zbekistonda ochiq ma'lumotlarni tarqatishda so‘nggi 3 yilda ijobiy o‘zgarishlar qilingan bo‘lsa ham ba'zi davlat tashkilotlari ma'lumotlar ochiqlanishiga qarshilik bildirmoqda. Afsuski, ochiq ma'lumotlar dasturi ayrim davlat organlari tomonidan jiddiy qabul qilinmayapti. Shu bilan bir qatorda, ochiq ma'lumotlardan foydalanuvchilar bilan mustahkam aloqa o‘rnatilmagan. Ko‘rinib turgan kamchiliklardan biri ochiq ma'lumotlarning ko‘p qismi qog‘oz shaklidaligi. Bu ma'lumotlarni tahrirlash, anonimligini ta'minlashga to‘sqinlik qiladi. Ochiq ma'lumotlarni oshkor etmaslik milliy xavfsizlik, kiberxavfsizlik, shaxs daxlsizligiga tahdidlarning oldini oladi, deya noto‘g‘ri talqin qilinadi. Bu sohada to‘g‘ri boshqaruv yo‘lga qo‘yilmagan».

Vlad Manoilning qo‘shimcha qilishicha, ma'lumotlarning ochiqligi tomon boshlang‘ich qadamlar tashlanyapti, talablar oshib boryapti, lekin ma'lumotlarni tahlil qilishda davlat organlarining imkoniyatlari cheklangan. Ochiq ma'lumotlar boshqaruvi bo‘yicha AKT sohasi to‘laligicha rivojlanmagan. Bunda kadrlar salohiyatini oshirish talab etiladi.