“Agar Toni Fergyuson tayyor bo‘lsa, biz bu jangni tashkillashtiramiz”, deb aytgan Uayt ESPN telekanaliga intervyuda. 

Nurmagomedov va Pore o‘rtasidagi jang 7 sentyabrda Abu-Dabida UFC 242 musobaqasi doirasida bo‘lib o‘tadi. Rossiyalik jangchi uchun ushbu jang 2018 yil oktyabrda Konor Makgregorga qarshi jangidan keyin yuz bergan mushtlashuv uchun diskvalifikatsiyasidan keyingi birinchi jang bo‘ladi.

5 sentyabrda Abu-Dabida ikki sportchining nigohlar dueli bo‘lib o‘tdi. Sportchilar bir-birlariga hurmat bildirib, marosimdan keyin bir-birlari bilan xayrlashishgan.

6 sentyabrda jangchilar rasmiy vazn o‘lchashda uchrashishadi. Sportchilarning vazni 70,3 kgdan oshmasligi lozim.

Avgust oxirida Nurmagomedov keyingi jangini aynan Fergyusonga qarshi o‘tkazmoqchiligini ma'lum qilgan. “Faqatgina Toni Fergyuson. U bu jangga loyiq. Yo‘qsa kim? Hech kim. Fikrimcha, faqatgina Toni Fergyuson”, deb aytgandi dog‘istonlik sportchi.

Nurmagomedov 2018 yil aprelda UFC chempioni bo‘lgan. U hakamlarning bir ovozli qarori bilan amerikalik El Yakvintaga qarshi jangda g‘alaba qozongan.

Pore esa 2019 yil aprelda o‘zining yurtdoshi Maks Xolloueyni mag‘lub etib, UFC’ning vaqtinchalik chempioniga aylangan. 

Fergyuson esa 2017-2018 yillarda UFC’ning vaqtinchalik chempioni unvoniga egalik qilgan. U faoliyati davomida na Nurmagomedov, na Pore bilan uchrashgan. E'tiborlisi, uning Nurmagomedovga qarshi jangi 4 marta rejalashtirilgan, biroq har safar u yoki bu jangchining salomatligidagi muammolar sababli bekor qilingan.

Hozirda Fergyuson UFC’ning yengil toifadagi jangchilari reytingida 2-o‘rinni egallamoqda.